Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatimiz shahar va qishloqlarida namunaviy loyihalar asosida zamonaviy uy-joylar qurib foydalanishga topshirilmoqda. 

Davlatimiz rahbari Olmaliq shahri markazidagi 5/2 massivida qurilayotgan 7 qavatli, 2 va 3 xonali turar-joy binolarini borib ko‘rdi. O‘n besh yilga imtiyozli ipoteka krediti asosida beriladigan mazkur uy-joylarda ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda. 

Bu kabi uylar g‘ishtdan qurilayogani har tomonlama foydali, dedi Prezidentimiz. Qishda issiq, yozda salqin bo‘ladi. Bundan tashqari, tabiiy ta’sirlarga chidamli. 

Davlatimiz rahbari mazkur uylarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mutasaddilarga qurilish ishlarini sifatli bajarish, inshootlarni o‘z vaqtida qurib bitkazish va topshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi. 

Prezidentimiz Olmaliq shahri aholisi bilan muloqot qildi. Samimiy va ochiq o‘tgan suhbatda shahar faollari va yoshlar davlatimiz rahbariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, hayotning turli jabhalarida aniqlanayotgan dolzarb masala va muammolar tezkorlik bilan hal etilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.