Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi samarali bo‘ldi. Xususan, Orolbo‘yi mintaqasida iqtisodiyot tarmoqlarini, qishloq xo‘jaligini yanada taraqqiy ettirish orqali aholi turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan qator istiqbolli loyihalar belgilab olindi. 

Davlatimiz rahbari Xo‘jayli tumanida barpo etilayotgan zamonaviy logistika markazida Qoraqalpog‘istonda oziq-ovqat sanoati sohasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, tuyachilik va baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha dasturlar taqdimoti bilan tanishdi. 


Shu yerda kelgusida katta daromad keltirishi kutilayotgan achchiq qalampir yetishtirish va uni eksport qilish loyihasi ham taqdim etildi. 

Mutaxassislar fikricha, bugungi kunda dunyo bo‘yicha 4,4 million gektar maydonda achchiq qalampir ekilib, 68,3 million tonna hosil olinadi. Bir gektar maydonda hosildorlik 15-20 tonnagacha yetadi. 5 kilogramm hosildan 1 kilogramm quritilgan achchiq qalampir olish mumkin. Misol uchun, 1 gektar maydondan 16 tonna hosil yetishtirilsa, 3,2 tonna quritilgan achchiq qalampir olinadi. Uning 1 tonnasining narxi dunyo bozorida 8 ming 640 dollar atrofida baholanadi. 2017-yilda achchiq qalampir savdosidan olinadigan daromad 30 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Ushbu mahsulotning asosiy qismi Indoneziya, Xitoy va Meksikada yetishtiriladi. 

Prezidentimiz kam hosil beradigan paxta maydonlarini qisqartirish hisobiga 60-80 kunda yetiladigan achchiq qalampir ekish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. 

– Yaqinda bir guruh mutaxassislar, tuman hokimlari Indoneziyada xizmat safarida bo‘ldik, – deydi Beruniy tumani hokimi Farhod Ermonov. – U yerda biz eksportbop mahsulotlar, ayniqsa, achchiq qalampir yetishtirish bo‘yicha tajriba almashdik. Jumladan, 2018-yilda tumanimizdagi fermer xo‘jaliklarining 1000 gektar yer maydonida mutaxassislarni jalb etgan holda, Indoneziyadan achchiq qalampir ko‘chatlarini olib kelib ekmoqchimiz. Bunda past rentabelli, kam hosil beradigan paxta maydonlaridan foydalanamiz. Shu o‘rinda o‘zimizdagi mavjud mahalliy qalampir navlaridan foydalanish qulay emasmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Gap shundaki, bizdagi qalampir navlarining achchiqlik darajasi 3,4 ballni tashkil etadi. Indoneziyadan olib kelinadigan qalampir ko‘chatlarining achchiqlik darajasi esa 7,8 ballni tashkil qiladi, ya’ni dunyo standartlariga to‘liq javob beradi va eksportbop. Bunday navli achchiq qalampirning har gektaridan 20-27 million so‘m foyda ko‘rish mumkin, bu paxtaga nisbatan bir necha baravar ko‘p demakdir. Ko‘rinib turibdiki, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etib, belgilangan hosilni to‘play olsak, bu dehqonlarimiz uchun ham, davlatimiz uchun ham katta daromad manbaiga aylanadi. 

Bugun zamon shiddati barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligida ham katta islohotlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda, dedi davlatimiz rahbari. Shunday ekan, ilmga tayanib mahsulot yetishtirmagan, uning eksportini o‘ylab mehnat qilmagan fermer ko‘zlagan natijasiga erisha olmaydi. 

Prezidentimiz mamlakatimizda serdaromad, eksportbop bo‘lgan achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Xususan, 2018-yilda Qoraqalpog‘istonda 15 ming gektar maydonga achchiq qalampir ekish belgilab olindi. Har bir viloyatda ushbu serdaromad o‘simlikni ko‘paytirish lozimligi qayd etildi. Uni ekish, agrotexnik tadbirlarni tashkil etishda fermerlarimizga indoneziyalik mutaxassislar yordam beradi. 

Bu mamlakatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida amalga oshirilishi belgilangan bitta istiqbolli loyiha haqida ma’lumot. Tashrif davomida bu kabi o‘nlab loyihalar taqdim etildi. Ushbu loyihalar ro‘yobi natijasida minglab ish o‘rinlari yaratiladi, demak, oilalar doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi, ularning turmush farovonligi yaxshilanadi. Prezidentimiz ko‘p bora ta’kidlaganidek, odamlarimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashni xohlaydi. Amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlardan ko‘zlangan pirovard maqsad ham shu.