Qadimiy va hamisha navqiron, insoniyat tarixida ma’lum va mashhur alloma sanalgan Abu Rayhon Beruniydek ulug‘ allomaga beshik bo‘lgan zamin chindanda insonni o‘ziga maftun etadi.

Olis tarix va kelajak orasida ko‘prik vazifasini bajarib kelayotgan zaminda yashovchi insonlar o‘zlarining mehnatsevarliklari, samimiyliklari bilan ajralib turadilar.
Ana shunday yurtdoshlarimizning hayoti bilan tanishish, ular bilan yuzma-yuz suhbatlashish va quvochu-shodliklariga sherik bo‘lish odamga o‘zgacha kuch-quvvat bag‘ishlaydi.
“O‘zstandart” agentligi Bosh direktori Abduhamid Karimov Xorazm viloyatiga qilgan safari davomida Qoraqolpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida ham navbatdagi Sayyor uchrashuvni o‘tkazdi.

Bosh direktor uchrashuv jarayonlarida xalq vakillari bilan ochiq va samimiy ruhda gaplashib, ularni hozirgi kunda o‘ylantirayotgan masalalari, tadbirkorlik faoliyatlarida Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish yo‘nalishlarida qanday muammolari borligi bilan qiziqti.

Sayyor uchrashuvda Beruniy tumani hokimining birinchi o‘rinbosari I. Ismoilov, Qoraqolpog‘iston Respublikasi Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi boshlig‘i U.Ismoilov, Sinov va sertifikatlashtirish markazi direktori Ch.Xudoybergenov hamda sohaning bir qator mas’ul xodimlari qatnashdilar

Uchrashuvda tumandagi bir qator mahallalarning raislari ham ishtirok etib, Bosh direktor A.Karimovga aholi uchun maishiy o‘lchov vositalarini davlat qiyoslovidan o‘tkazadigan shaxobchani tuman markazida ochish taklifi bilan chiqdilar.

Unga javobon “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimov mazkur taklifni qo‘llab-quvvatladi va shu yerning o‘zida Qoraqolpog‘iston Respublikasi Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasining boshlig‘i U.Ismoilavga 20 kun muddat ichida Beruniy tumanida shaxobchani ochish yuzasidan topshiriqni berdi.

Bosh direktorning dadil hal qilgan qarori uchrashuv ishtirokchilarini behad xursand qildi. Bir so‘z bilan aytganda yangi yil arafasida qiyoslov shaxobchasining ochilishi tuman aholisi uchun muhim sovg‘a bo‘ldi.

Sayyor uchrashuv tadbirida ishlab chiqarish korxonalarining vakillari va tadbirkorlar qatnashib, o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollariga ham javob oldilar.
 

Kelgusida bunday uchrashuvlarni tizimli o‘tkazishga kelishib olindi.