E'tibor bersangiz bugun tadbirkorlarimizning o'zlari bozor uchun, mahsulotning sifati uchun kurashayaptilar. Sababi – jahon ayvonidagi mavjud raqobat muhiti shuni talab etayapti. Aslida yurtimizda yaratilgan ishbilarmonlik muhiti tufayli, tadbirkorlarimizda yil emas, kun sayin bozor uchun mas'ulliklarini anglab etmoqdalar.

Darhaqiqat so'nggi paytlarda “O'zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimovning tashabbusi va aniq ishlab chiqilgan reja-dasturiga asosan joylarda tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar bilan yaqindan hamkorlik ishlari yo'lga qo'yildi. “O'zstandart” xodimlari endilikda ishlab chiqaruvchilar faoliyatini tekshirmaydi, aksincha ularga yaqindan ko'mak beradi. Shu ma'noda Qashqadaryo Sinov va sertifikatlashtirish markazi tomonidan keyingi qisqa vaqt ichida yuzlab tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarga amaliy yordam berildi. Buning natijasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligi oshdi.

Birgina misol: joriy yilda “O'zagroeksport” Yevropa bozoriga 5 million AQSh dollari miqdorida qovun, Janubiy Koreyaga anor hamda gilos eksporti, Rossiya Federatsiyasiga esa qishloq xo'jalik mahsulotlari salmog'i oshirish bo'yicha shartnomalar imzolandi. Bundan tashqari sanoat, to'qimachilik mahsulotlarining hajmi ham joriy yilda sezilarli darajada ortishi kutilmoqda. Tabiiyki mahalliy va qo'shma korxonalarda o'zimizning sifatli xom ashyolardan tayyorlanayotgan tayyor mahsulotlarning sifati, narxining nisbatan arzonligi bunga sabab bo'lmoqda.

Yana bir bor haqiqat - avvallari ishbilarmonlarimiz o'zlari ishlab chiqargan mahsulotlarini asosan ichki bozorda sotishni rejalashtirishar edi. Endi-chi? Bugun mutlaqo o'zgacha holatni kuzatish mumkin. Tadbirkorlarimiz biror mahsulot ishlab chiqarishdan avval uning eksportini o'ylashayapti. Chunki bunga barcha imkoniyat yaratilgan-da!

O'z mahsulotini eksportga yo'naltiradigan ishbilarmonlar uchun imkoniyatlar barobarida qator-qator imtiyozlar berilgan. Bugungi kunda Qashqadaryolik tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan yuzlab turdagi mahsulotlar dunyoning har qanday davlatida tayyorlanayotgan mahsulotlar bilan sifat jihatdan raqobatlashayapti. Chunki tadbirkor izlanayapti, bozorni o'rganayapti, mustaqil ravishda marketing tadqiqotlari olib borayapti. Izlanish va tashabbus bor joyda esa har doim rivojlanish, yuksalish bo'lgan. Markazimizga murojat qiladiganlarning aksariyat qismini tovar ishlab chiqaruvchilar tashkil etadi. Demak, mahsulot sifati, uning salmog'ining ortishiga biz, ya'ni “O'zstandart” agentligi hamda uning tizim tashkilotlari ham daxldormiz.    

Tahlillar viloyatimizda so'nggi yillarda sanoat, qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ortib borayotganini ko'rsatmoqda. Hududimizdagi ko'plab korxonalar, tadbirkorlik sub'ektlari ham bugungi kunda jahon bozori talabi darajasida mahsulot ishlab chiqarayapti. Prezidentimizning joriy yil yanvar oyida Qashqadaryo viloyatida bo'lib, viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy holati, tarmoqlar rivoji, mahsulot eksportini o'tgan yillarga nisbatan yanada oshirish to'g'risidagi ko'rsatmalariga asosan viloyatimizning har bir idora va tashkilotlari, hatto korxonalarida ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, birgina markazimizning “Mahsulotlarni eksport qilishga ko'maklashish bo'limi” tomonidan hamkor tashkilotlar, tijorat banklari, viloyat hokimligi bilan birgalikda eksportyor korxonalar, fermer va dehqon xo'jaliklariga amaliy yordam ko'rsatayapmiz. Maqsad - hududimizda ishlab chiqarilayotgan, fermerlarimiz tomonidan etishtirilib ichki va tashqi bozorga yo'naltirilayotgan mahsulotlar sifatini yanada yaxshilashgahissa qo'shishdir. Buning uchun esa sinov laboratoriyalarimizni zamonaviy sinov hamda o'lchov uskunalari bilan ta'minlanmoqda. Birgina o'tgan 2017 yilning o'zida o'ta aniq ko'rsatkichlarga yuqori aniqlikga ega bo'lgan 15 dona sinov uskunalari va o'lchash vositalari xarid qilingan bo'lsa, joriy yilda “O'zstandart” agentligining rivojlantirish reja dasturiga asosan 9 ta sinash jixozlari sotib olish rejalashtirilgan.           

Ayniqsa, Prezidentimizning 2018 yil 16 yanvardagi “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni bilan oziq-ovqat mahsulotlari importi bo'yicha ayrim xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning monopollashishiga chek qo'yilgani yurtimizda oziq-ovqat mahsulotlar importi hamda eksporti bilan shug'ullanadigan tadbirkorlar soni yanada ortayapti. Demak, O'zbekistonga sifatli, inson salomatligi uchun xavfsiz bo'lgan mahsulotlarning kirib kelishi, ularning sotuvga chiqarilishidan oldin muvofiqlik sertifikatiga ega bo'lishi mutaxassislarimizdan yanada mas'uliyatliroq bo'lishni talab etadi. Mahsulot sifatini ta'minlashda esa hukumatimizning “Korxonalarda xalqaro standartlarga muvofiq bo'lgan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga ko'ra viloyat korxonalarida xalqaro ISO 9001, OHSAS 18001, ISO 14001, ISO 22000 standartlari joriy etilmoqda. Masalan o'tgan 2017 yil davomida viloyatimizning 113 ta korxonalarida markazimiz mutaxassislarining bevosita yordami bilan ISO 9001 Sifatni boshqarish tizimi joriy etilib sertifikatlashtirildi. Shundan 34 tasi o'z mahsulotini dunyoning o'nlab davlatiga eksport qilayotgan eksportyor korxonalardir. Mahsulotlarimizga dunyo bozorida talab ortayotgani bois korxonalarimizning o'zlari ushbu tizimni joriy etishga qattiq kirishishgan. Sababi – ISO 9001 har qanday mahsulot, xizmat sifatini yaxshilash kafolatini berayapti. Bundan tashqari tizimni joriy etishni rejalashtirgan korxonalarga qulaylik yaratish maqsadida www.kashssm.uz veb saytida sifat tizimini joriy etish yuzasidan arizalarni onlayn tarzda qabul qilishni yo'lga qo'yganmiz. Tadbirkorlar, iste'molchilar o'zlarini qiziqtirgan savollar, ayrim muammolar borasida markazimizda muntazam ishlab turgan 0 375 221-09-44 va 0 375 221-16-70 raqamli “Ishonch telefonlari”ga qo'ng'iroq qilishlari mumkin.

E'tiborlisi, bugungi tadbirkorlarimizning bilimli, bir qator xorijiy tillarni o'zlashtirgan holda dunyo ishbilarmonlari bilan muloqotga kirishayotganidir. Uyida, ishxonasidan turib dunyo bozoridan xabardor bo'lishayapti ular. Mamlakatimizda import mahsulotlarga qo'yilayotgan talablar haqida xorijlik hamkorlarga zarur ma'lumot berishib, unga ko'ra xorijdan sifatli mahsulot olib kelishayapti. Va aksincha o'zlari ishlab chiqargan yuzlab turdagi mahsulotlarni ham ayni shu yo'sinda axborot-kommunikatsiya tizimlaridan foydalangan holda chetga chiqarishayapti. Ana shuning o'zi ham O'zbekistonimizning har bir mintaqasi tadbirkori, fermeri, hatto hunarmandi, dehqon xo'jaligi uchun yurtimizda mahsulotni dunyo bozoriga chiqarishga imkoniyat va imtiyozlar yaratilganidan dalolatdir.

 

Ulug'bek Amirqulov,
“Qashqadaryo sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi direktori