Insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan fojialari, talofotlari hamda millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan ikkinchi jahon urushi xotiralarini eslagan insonning qalbi larzaga keladi. “Urush, noming o‘chsin jahonda!” deya hayqirging keladi.
Tinch va farovon hayotning qadriga yetish, dorulomon kunlar uchun qon kechib, jasorat namunalarini ko‘rsatgan ajdodlarimiz bilan uchrashish, o‘tganlar ruhini shod etish biz avlodlar uchun hayot maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan Respublikamizning shaharu-qishloqlarida xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bir qator ma’rifiy uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Jumladan “O‘zstandart” agentligi rahbariyati va faol yoshlarning tashabbuslari bilan “Inson aziz, xotira muqaddas” deb nomlangan ma’rifiy uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.Otajonov kirish so‘zi bilan ochib, yurtimizda xotira va qadrlash bayramini munosib nishollashga alohida e’tibor berilayotgani va bu jarayonda har bir mehnat faxriysi e’tibordan chetda qolmasligiga e’tibor qaratdi.
Qiziqarli va insonni mushohadaga chorlaydigan mazkur tadbirda urush va mehnat faxriylari so‘z olib, bugungi farovon hayotimiz qanchadan-qancha mehnatlar, urush frontida azob chekkan bobolarimizning mehnatlari evaziga bunyod bo‘lganligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Ikki avlod uchrashuvi nihoyasida mehnat faxriylariga bayram sovg‘alari ulashildi.