«Global GAP» va «Organic» standartlari talablariga muvofiq sertifikatlashtirish bo‘yicha xalqaro tan olingan Fransiyaning “ECOCERT” sertifikatlashtirish idorasi va “O‘zstandart” agentligi Respublika sinov sertifikatlashtirish idorasi o‘rtasida memorandum imzolandi.

Bugungi kunda xalqaro tajriba Yevropa bozorlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda GLOBALG.A.P sertifikati muhim ekanligini ko‘rsatadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining “Savdo rivojlanishiga ko‘maklashish” loyihasi doirasida tayyorlangan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda GLOBALG.A.P. tizimi tomonidan dunyoning 124 dan ziyod mamlakatlaridagi ishlab chiqaruvchilar sertifikatlangan, ushbu sertifikatga ega xo‘jaliklarning umumiy soni 170000 dan oshadi, sertifikatlangan xo‘jaliklarning umumiy sonidan uzimchilik mahsulotlar (shu jumladan meva va sabzavotlar) ulushi taxminan 75 foizni, chorvachilik mahsulotlarining ulushi 15 foizni, akvaekinlar ulushi esa 10 foizni tashkil etadi.

“O‘zstandart” agentligi mamlakatimizda yetishtirilayotgan meva va sabzavot mahsulotlarini Yevropa bozorlarda raqobatdoshligini yanada oshirishga hamda eksport qiluvchilarning meva va sabzavot mahsulotlarini istiqbolli xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun “Global GAP” va “Organic” standartlari talablariga muvofiq sertifikatlashtirish bo‘yicha xalqaro tan olingan tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatishga alohida e’tibor qaratgan.

Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 17.10.2018 yildagi PQ-3978-sonli "Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qarori ijrosini ta’minlash uchun joriy yilning 3 dekabr kuni «Global GAP» va «Organic» standartlari talablariga muvofiq sertifikatlashtirish bo‘yicha xalqaro tan olingan Fransiyaning “ECOCERT” sertifikatlashtirish idorasi va Respublika sinov sertifikatlashtirish idorasi o‘rtasida memorandum imzolandi.

Fransiyaning “ECOCERT” sertifikatlashtirish idorasi mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarini «Global GAP» va «Organic» standartlari asosida sertifikatlashtirishda va ekspertlar tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatadi.

Axborot xizmati