O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi PQ-4059 qaroriga muvofiq “O‘zstandart” agentligi tizimidagi tashkilotlar, korxonalarda samaradorlikni baholash natijalari, shu jumladan korrupsion omillarni oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda axborotlarni tizimli yoritib borish belgilangan.


Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi qoshidagi “Aeroport” mahsulotlarini sertifikatlashtirish idorasida tashkillashtirilgan seminarda “O‘zstandart” agentligi matbuot xizmati rahbari A.Rasulov, RSSM bosh mutaxassisi N.Muxitov va Olmazor tumani prokurorining yordamchisi N.G‘ofurov ishtirok etib, xodimlarga jamiyatda huquqiy bilimlar targ‘ibotini kuchaytirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, tadbirkorlarga yaqindan ko‘maklashish mamlakatimiz taraqqiyotini belgilovchi muhim omillardan biri ekanligi ta’kidlandi.


Seminarda davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi. Tizim bo‘limlarida tarbiyaviy, profilaktik ishlarni kuchaytirish, xodimlarning munosib xulq-atvorda bo‘lishini ta’minlash, tizimga dog‘ tushiruvchi turli salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olishga qaratilgan vazifalar belgilandi.