Bugun poytaxtimizning “Poytaxt” biznes markazida O‘zbekiston va Belorusiya respublikalari o‘rtasida standartlashtirish va sertifikatlashtirish hamda mahsulotlarning sinovini o‘tkazish amaliyotini kengaytirish mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda.

Xalqaro hamkorlik doirasida Belorusiya Respublikasining Davlat standartlashtirish qo‘mitasi raisi V.B.Tataritskiy boshchiligidagi delegatsiya hamda yurtimizning standartlashtirish, metrologiya, savdo-sanoat, bojxona xizmati, avtomobilsozlik, elektrotexnika kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralar, kompaniya va konsernlarining rahbarlari ishtirok etmoqda.

 

Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan o‘zaro ishonch va anglashuv asosidagi davlatlararo amaliy muloqot mustahkamlanib borayotgani, shuningdek mamlakatlarimizni barqaror rivojlantirish va xalqlarimiz farovonligini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish imkoni yaratilayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida eksport-import qilinadigan mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish amaliyotini kengaytirish, rasmiylashtiriladigan sinov bayonnomalari, muvofiqlik sertifikatlarini tan olish masalalari va “Yo‘l xaritasi”dagi topshiriqlarning ijrosi muhokama qilinishi rejalashtirilgan.