Markaz tashabbusi bilan Germaniyaning fizik-texnik Federal instituti (PTB) eksperti, ILAC va IAF orqali akkreditatsiya xizmatlarini o‘zaro tan olinishga erishish bo‘yicha 30 qadam konsepsiyasi muallifi Manfred Kindler Akkreditatsiya markazini xalqaro tashkilotlarga a’zoligiga erishish uchun xalqaro ekspert sifatida jalb etildi. Ushbu konsepsiya Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarining milliy akkreditatsiya tizimini baholash jarayonida samarali qo‘llanilib kelinmoqda.

Asosiy e’tibor muvofiqlikni baholash idoralarini akkreditatsiyadan o‘tkazishda akkreditatsiya jarayonining betarafligi va xolisligini ta’minlagan holda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek akkreditatsiya milliy tizimini xalqaro me’yorlar va mezonlarga muvofiq doimiy ravishda rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ISO/IEC 17011 xalqaro standarti talablariga rioya qilishga qaratildi.

Uchrashuv natijalariga ko‘ra Markazning APAC, ILAC va IAF kabi xalqaro tashkilotlarning to‘laqonli a’zosi sifatida tan olinishiga erishish masalalarida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Ushbu halqaro tashkilotlarga to‘laqonli a’zolik orqali, Markaz tomonidan akkreditatsiya qilinadigan muvofiqlikni baholash idoralari tomonidan beradigan xulosalar xorijiy davlatlarda tan olinish imkonini yaratiladi.

Bu esa respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksport salohiyati ortishini hamda milliy mahsulotlarimiz jahon bozorlarida raqobatlashishini ta’minlashga zamin yaratadi.