“O‘zstandart” agentligi tomonidan Milliy matbuot markazida tashkil etilgan navbatdagi Matbuot anjumanida, ommaviy axborot vositalari xodimlariga “Halol” standarti talablari asosida mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtiradigan yangi idora tashkil etilgani haqida rasmiy ma’lumot berildi.

Prezidentimizning 2018 yil 12 dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida, Standartlar instituti negizida “Halol” standartlari talablari asosida mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish milliy idorasi tashkil etildi.

Ta’kidlash lozimki, idora dastlabki bosqichda faqatgina eksportga chiqariladigan mahsulotlar uchun hamda ziyorat turizmi (mehmonxona va ichidagi umumiy ovqatlanish maskani) doirasida faoliyat yuritadi. Keyinchalik esa bu faoliyat ko‘lami yanada kengayib boradi.

“O‘zstandart” agentligi idora faoliyatini rivojlantirish maqsadida Malayziyaning “Halol” sertifikatlashtirish va akkreditatsiya masalalarida ko‘p yillik tajribaga ega “Islom taraqqiyot departamenti” (JAKIM), Indoneziyaning Ulamolar kengashi (MUI), Turkiyaning “Turk standartlari instituti” (TSE), Tailandning Chulalongkorn Universiteti qoshidagi “Halol” ilmiy markazi” kabi xalqaro darajada tan olingan tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yiladi.