Prezidentimiz “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi. Mazkur farmon xalqimiz uzoq yillar kutgan tarixiy hujjat bo‘ldi. Chunki, ushbu farmonda vaqtlar mobaynida fuqarolarga qiyinchiliklar tug‘dirib kelgan qator muammolar o‘z yechimini topgan.

– Propiska tizimini isloh qilish xalqimizning ko‘p yil kutgan orzusi edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov. – Prezidentimizning shaxsiy irodasi tufayli propiska tizimini yanada isloh qilishga oid farmon imzolandi. Hujjat loyihasi muhokamasida mingdan ziyod taklif kelib tushgani va ularning aksariyatida farmon qo‘llab-quvvatlangani ko‘p yillik muammolarning yechimiga qaratilgan hujjat ekanidan dalolat beradi.

Bu jarayonda, avvalo, erkinlikni cheklovchi, ajratuvchi degan salbiy tasavvurlarni paydo qilgan propiska atamasidan voz kechilmoqda.

Hujjatga muvofiq, “doimiy propiska qilish” va “turgan joyi bo‘yicha hisobga olish” tushunchalari “doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” va “vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” tushunchalariga o‘zgartiriladi. Shuningdek, fuqarolarga birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini o‘zi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda bo‘lgan manzil bilan bir qatorda egaligida bo‘lgan uy-joyga ham doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi beriladi.

– Hozirgi kunda butun dunyo bo‘ylab koronavirus pandemiyasi avj olayotgan va respublikamiz hududi bo‘ylab ham o‘z ta’sirini o‘tkazayotgan, mamlakat miqyosida karantin tadbirlari olib borilayotgan bo‘lishiga qaramasdan davlatimiz rahbari tomonidan irodali qaror qabul qilinib, farmon imzolandi, – deydi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Muhammedov. – Unga ko‘ra, keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan doimiy propiska qilish tizimidan bosqichma-bosqich xabar berish xususiyatidagi ro‘yxatdan o‘tkazish tizimiga o‘tishga rozilik berildi.

– Jahon tajribasidan ma’lumki, propiska tizimiga o‘xshash bo‘lgan aynan propiska emas, ro‘yxatda turish bilan bog‘liq tizim mavjud, – deydi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev. – Lekin u ruxsat olish emas, balki xabardor qilish maqomida. Misol uchun, siz bir shahardan boshqa shaharga yashagani kelsangiz ushbu manzildagi davlat organlarini onlayn elektron ravishda xabardor qilsangiz kifoya. Kimdandir ruxsat olish, kimningdir eshigida turish, bir dunyo hujjatlar tayyorlash haqidagi talablar bo‘lmaydi. Shu narsalar bekor bo‘lib farmon bilan tizim yangilanmoqda.

Ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu farmon bilan doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish uchun er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti hamda bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda doimiy yashash joyi bo‘yicha propiska yo‘qotilishi haqidagi qoidalar chiqarib tashlandi. Oilaga tarbiyaga olingan shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga turish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Malakali mutaxassislar har joyda zarur. Shu sababli ehtiyojga qarab kimdir u hududda, kimdir bu hududda mehnat qiladi. Biroq bu borada ham bir qator muammolar mavjud edi. Masalan, shu paytgacha mutaxassislarning propiskani yo‘qotib qo‘yish qo‘rquvi sababli Toshkent shahridan boshqa viloyatlarga doimiy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun borishni rad etish holatlari mavjud edi.

Farmonga muvofiq, ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatga ega bo‘lgan fuqarolar qaytib kelganda, ular ushbu hududlarda hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz qayta doimiy ro‘yxatga olinishi mumkin bo‘ladi. Toshkent shahri va viloyatida joylashgan davlat organlari va tashkilotlarida 5 yil muddat mobaynida uzluksiz mehnat faoliyatini yuritayotgan mutaxassislar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) mazkur hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.

– Men olti yildan buyon Respublika onkologiya ilmiy markazida shifokor bo‘lib ishlayman, – deydi Muzaffar Otajonov. – Shu kungacha vaqtinchalik propiska orqali Toshkent shahrida yashab kelganman. Endilikda davlat korxonalarida 5 yildan ziyod ishlagan xodimlarga ham doimiy propiskaga o‘tish imkoniyati berildi. Bu bilan bizga katta imkoniyatlar, qulayliklar yaratildi. Ortiqcha sarsongarchilikdan ozod bo‘ldik. Bundan juda xursandmiz.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishini rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga ro‘yxatga olish uchun shtamp bosish amaliyotidan voz kechiladi va bu raqamlashtiriladi. Soliq idoralarida hisobga olingan ijara shartnomasi taqdim etilganda vaqtincha ro‘yxatga olinishda uy-joy egasining roziligi talab etilmaydi.

Yana bir muhim yangilik – 2020 yil 1 apreldan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi talab etilmaydi. E’tiborlisi, 1 sentyabrdan boshlab Toshkentda doimiy va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash muddati 10 kundan 15 kunga o‘zgartirildi.

Mazkur farmon bilan propiska tizimining isloh etilishi respublikamizning qaysi hududida bo‘lmasin, har bir fuqaro propiska olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu esa fuqarolarimizning Konstitutsida belgilangan erkinlik va tenglik bilan bog‘liq uzviy huquqlarini yanada kafolatlash imkonini beradi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA