“Metrologiya toʻgʻrisida”gi amaldagi Qonunning keyingi moddalari bir xilda talqin qilinishini taʼminlash uchun asosiy tushunchalar “davlat metrologiya xizmati”, “metrologik kuzatuvchanlik”, “oʻlchashlar aniqligining koʻrsatkichi” kabi terminlar bilan toʻldirilmoqda. Bunday terminlar kiritilishi bilan “oʻlchash vositalarini qiyoslash” va “metrologiya xizmati” terminlarining taʼrifi oʻzgartirilmoqda.

Bundan tashqari, oʻlchash birligini taʼminlash sohasida faoliyat olib borayotgan subyektlar, xususan davlat metrologiya xizmati, davlat boshqaruvi organlarining metrologiya xizmatlari va yuridik shaxslar metrologiya xizmatlari tomonidan metrologiya nazoratini oʻtkazish huquqlari belgilanmoqda. Shuningdek, alohida moddalarda metrologiya xizmatlarining huquqlari va majburiyatlari mustahkamlanmoqda.

Qonun normalarini metrologiya sohasidagi xalqaro hujjatlar qoidalariga uygʻunlashtirish maqsadida yangi “qadoqlangan tovar” termini kiritilmoqda, davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati “qadoqlangan tovarlar” deb nomlangan yangi obyekt bilan, shuningdek har qanday turdagi oʻramlarga qadoqlangan tovarlarni qadoqlash va sotishda ularning soni ustidan davlat metrologiya nazoratini tartibga soladigan yangi modda bilan toʻldirilmoqda.

Shuningdek, 2018-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasi milliy etalon bazasida yuqori aniqlikdagi oʻlchov vositalarini kuzatuvchanligini va metrologik nazoratni taʼminlash maqsadida qoʻllaniladigan 12 dona etalonlar mavjud boʻlib, mazkur milliy etalonlar yordamida Respublikaning mashinasozlik, sogʻliqni saqlash, togʻ kon, metallurgiya, aviasozlik, yengil sanoat, atom energetikasi, kimyo sanoati kabi sohalarda 511 dan ortiq yuqori aniqlikdagi oʻlchov vositalarning metrologik nazorati taʼminlanadi.

Biroq, texnik imkoniyatlar mavjud emasligidan kelib chiqqan holda
1144 dona namunaviy oʻlchash vositalari (76 dona “Oʻzstandart” agentligi boʻlinmalari va 1068 dona korxonalar tomonidan) kuzatuvchanlikni taʼminlash maqsadida xorijiy metrologiya institutlariga kalibrlashga olib chiqilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-apreldagi PQ-2935 sonli qaroriga asosan sanoatning extiyojlarini kengroq qamrab olish maqsadida 2018-2022-yillar davrida jami 5 808 ming AQSH dollar qiymatli 21 dona etalonlar xarid qilinishi koʻzda tutilgan. Bu esa oʻz navbatida qoʻshimcha 2122 dona namunaviy oʻlchov vositalari ustidan metrologik nazoratni qamrab olishga imkon yaratadi.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida, 2018-yilda qiymati 754 490,13 ming AQSH dollar boʻlgan 5 dona (“Namunaviy kuch oʻlchash uskunasi”, Absolyut bosim birligi” va “Bosim (ortiqcha) birligi”, “Etalon maqsadida foydalaniluvchi platinali qarshilik termometrlari” va “Shtrixli uzunlik oʻlchovini attestatlash namunaviy interfrension qurilmasi”) etalonlar xarid qilinib, laboratoriyalarga oʻrnatildi.

Bundan tashqari, qiymati 1 685 ming AQSH dollar boʻlgan 2019-yilda 4 dona (“Kelvin – harorat birligi etaloni”, “Yorugʻlik kuchi, yorituvchanlik va yorqinlik birligi etaloni”, “Suyuqlik hisoblagichlari - avtomatlashtirilgan sarf oʻlchov vositalarini qiyoslash qurilmasi” va “Fotometrik oʻlchashlar uchun namunaviy qurilma”) etalonlarni xarid qilish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Qoʻshimcha ravishda, “Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasi 16 ta oʻlchash yoʻnalishlari boʻyicha kalibrlash xizmatlariga akkreditatsiya doirasini kengaytirgan boʻlib, hozirgi kunda qoʻshimcha 62 dona (jami 78 dona) oʻlchash yoʻnalishlari boʻyicha kalibrlash xizmatlariga akkreditatsiya doirasini kengaytirish yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Oʻlchov va tarozilar bosh konferensiyasining assotsiatsiyalashgan aʼzosi maqomini olish maqsadida 2018-yil 2-noyabr kuni Fransiyaning Versal shahrida “Oʻzstandart” agentligi va Xalqaro oʻlchov va tarozilar byurosi oʻrtasida “Milliy oʻlchash etalonlari hamda milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va oʻlchash sertifikatlarining oʻzaro eʼtirof etilishi toʻgʻrisida” kelishuv (CIPM MRA) imzolandi.

Xalqaro oʻlchov va tarozilar byurosi bilan hamkorlik qilish va Milliy oʻlchash etalonlari hamda milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va oʻlchash sertifikatlarining oʻzaro eʼtirof etilishi toʻgʻrisidagi Kelishuvning amalga oshirilishi quyidagi natijalar berishi koʻzda tutilgan:

1) Mahalliy mahsulotni chet elga yetkazib berishda oʻlchash va sinov natijalarining eʼtirof etilishi;

2) Savdoda texnik toʻsiqlarni bartaraf etish, shuningdek har yili davlatlararo, xalqaro va xorijiy mamlakatlarning milliy etalonlari bilan solishtirishlar oʻtkazish imkoni;

Maʼlumot uchun: ILAC talablariga asosan, kuzatiluvchanlik taʼminlanishini isbotlash uchun Davlat metrologik muassasalarning Yevro-osiyo hamkorligi (KOOMET) doirasidagi solishtirishlarda muntazam ravishda ishtirok etish zarur.

3) Mahalliy korxonalarning xorijiy metrologiya institutlariga tobeligini kamaytirish;

Maʼlumot uchun: 2012-2017 yy. davomida kalibrlashga 7 birlamchi etalon va 387 namunaviy oʻlchash vositalari olib chiqilgan boʻlib, deyarli 260 ming AQSH dollari sarflangan. Asosiy solishtirishlarda ishtirok etish ushbu xarajatlarning oldini olishga imkon yaratadi.

4) Yetakchi iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy sohalar, fan va mamlakat mudofaasining oʻlchashlar birliligini taʼminlashdagi ehtiyojlarining qoplanishi;

5) Solishtirishlar oʻtkazilishida vaqtinchalik xarajatlarni qisqartirish, xom ashyo, resurslar, materiallar, mahsulotlar miqdori va sifatini ishonchli baholashni amalga oshirish maqsadida bajariladigan oʻlchashlar aniqligining oshirilishi;

6) Oʻlchash natijalarining OʻV birliklariga kuzatiluvchanligini taʼminlash.