Alisher Navoiy tavalludining 581-yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizim tashkilotlari Xorazm viloyati filiallarida “Bir asrning ikki dahosi” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir va kitoblar koʻrgazmasi tashkil etildi.

 Unda Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Sotim Avaz, jurnalistlar uyushmasi aʼzosi Husayn Rahmon, Az-Zamaxshariy nomidagi viloyat kutubxonasi yetakchi mutaxassisi Mirzabek Toʻxtaboyevlar ishtirok etdilar.

Tadbirda Oʻzbekiston milliy metrologiya  instituti xodimlari Alisher Navoiyning davlat xizmatiga doir maʼlumotlar haqida gapirib, shu masala haqidagi asarlari bilan tanishtirdilar. Alisher Navoiy bobomizning bosh vazir, Zahiriddin Muhammad Boburning shoh vazifasida faoliyat olib borganligi hamda buyuk ajdodlarimizning bosib oʻtgan hayot yoʻllari va ijodlari haqida  maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, uchrashuvda Alisher Navoiy va Bobur Mirzo hayoti va ijodi haqida soʻz yuritilib,  Boburning 12 yoshida davlat boshqaruvini qoʻlga olganligi avvalo uning onasiga, aytgan allalariga, otalari va ustozlaridan olgan taʼlim va tarbiyalariga bogʻliqligi, hamda gʻazal va sheʼriyat mulki sultoni, tasavvuf ilmining zargari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning badiiy ijodda, ilmda, davlat boshqaruvi va harbiy sanʼatda obroʻ qozonishi faqatgina bu yoʻnalishlarda emas, balki millat, xalqaro hamjamiyatning maʼnaviy tafakkuridagi yuksalishlarga xizmat qilishini, bunday farzandlarning noyob isteʼdodi, qoldirgan boy merosi millat nufuzi buyukligini saqlashga, nomini ulugʻlashga xizmat qilishi aytib oʻtildi.