O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 27-yanvar kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. 

Mamlakatimizning izchil taraqqiyoti Xorazm viloyatida ham ulkan o‘zgarishlarga zamin yaratdi. Shaharu tumanlarda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, istiqbolli investitsiyaviy loyihalar amalga oshirildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 22-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan 2013-2015-yillarda Xorazm viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi doirasida 308 million dollardan ortiq investitsiya hisobidan 432 sanoat korxonasi tashkil etildi. 

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 11-noyabr kuni Shovot tumanida bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida mamlakatimizning barcha hududlari qatori Xorazm viloyati iqtisodiyotini ham modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, tibbiyot, turizm, san’at va boshqa sohalarni yanada rivojlantirishga oid aniq rejalarni bayon etgan edi. 

Davlatimiz rahbarining Xorazm viloyatiga tashrifi ana shu rejalar qanday amalga oshirilayotgani bilan tanishish, hudud taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish masalalariga bag‘ishlandi. 

Prezidentimizning viloyatga tashrifi Xivadagi Ichan-qal’a majmuasidan boshlandi. 

Muzey-qo‘riqxona – Ichan-qal’a majmuasi xalqimiz tarixi, madaniyati, ilm-fani, qadimiy me’morlik va hunarmandlik an’analarini mujassam etgan. Insoniyatning bebaho boyligi sifatida YuNESKOning jahon merosi durdonalari ro‘yxatiga kiritilgan. Muzey fondida 38 ming 561 eksponat bor. 2016-yilda Ichan-qal’aga 75 mingga yaqin kishi, jumladan, 84 mamlakatdan 34 ming sayyoh kelgan. 

Xorazmda bunday tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar juda ko‘p. Ular zamon talablari asosida ta’mirlanib, sayyohlar uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani natijasida viloyatda turizm izchil rivojlanib borayotir. 2016-yilda xorijlik sayyohlarga ko‘rsatilgan xizmatlar eksporti 2013-yilga nisbatan 20 foiz oshgan.

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratdi.

Pahlavon Mahmud maqbarasi ziyorat qilindi. 

Davlatimiz rahbari Matniyoz Devonbegi madrasasida Xiva shahrining tarixiy qismida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari rejasi, Isfandiyorxon qabul marosimlari uyi va Nurillaboy saroy majmuasini rekonstruksiya qilish loyihalari bilan tanishdi. 

Prezidentimiz Xorazmning turizm borasidagi imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, yangi yo‘nalishlar tashkil etish va ularni jahon bozorlarida targ‘ib qilish, mehmonxonalar va transport infratuzilmasini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Zotan, turizm mamlakat iqtisodini rivojlantirish, ayniqsa, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim sohalardan hisoblanadi. 

Urganchdan Xivagacha temir yo‘l va Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yo‘lda elektropoyezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish lozimligi qayd etildi. Shaharning turizm jozibadorligini oshirish maqsadida saylgoh ko‘chalar tashkil etish va kechki sayr imkoniyatini yaratish, ularda milliy urf-odatlarimiz va ko‘ngilochar dasturlarni namoyish qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan suhbatda tarmoqda xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali xorijlik sayyohlarni ko‘proq jalb qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish, suvenir ishlab chiqaradigan korxonalarni ko‘paytirish xususida so‘z bordi. Soha mutasaddilariga tegishli topshiriqlar berildi. 

Shavkat Mirziyoyev Xorazm Ma’mun akademiyasiga tashrif buyurdi. 

Ushbu akademiya Birinchi Prezidentimizning 1997-yil 11-noyabrdagi farmoniga muvofiq qayta tashkil etilgan. 2006-yili YuNESKO shafeligida Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000-yilligi nishonlangan. 

Bugungi kunda ilmiy muassasada 41 ilmiy xodim, jumladan, 7 fan doktori, 19 fan nomzodi faoliyat yuritmoqda. Ular Xorazm davlatchilik tarixi, bu zamindan yetishib chiqqan olimlarning jahon fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi, Xorazm me’moriy yodgorliklarini biologik, fizik va boshqa salbiy ta’sirlardan himoya qilish, hududdagi ekologik holatni yaxshilash, yer-suv resurslaridan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, voha sharoitiga mos qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini iqlimlashtirish, sho‘rlanish va cho‘llanishning oldini olish kabi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. 

Prezidentimiz akademiyada ilmiy yo‘nalishlarni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ularni amaliyotga keng joriy qilish, olimlarning turmush sharoitlarini yanada yaxshilash zarurligini ta’kidladi. Akademiya tomonidan arxeologiya yo‘nalishida erishilgan muvaffaqiyatlardan foydalanib, bu ilmiy muassasani sayyohlik yo‘nalishlariga kiritish, xalqimiz tarixini chet ellik turistlarga targ‘ib qilish masalalariga e’tibor qaratildi. 

Prezidentimiz Xiva tumanidagi “Boltaboy oqsoqol” fermer xo‘jaligida tashkil etiladigan baliqchilik kompleksi loyihasi bilan tanishdi. 

Hozir mazkur xo‘jalikda 232 gektar havzada baliq yetishtirilmoqda. O‘tgan yili 490 tonna baliq yetkazib berilgan. 

Fermer xo‘jaligida Vetnam texnologiyasi asosida baliq yetishtirish va uni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu texnologiya uvildiriqlarni intensiv usulda yetishtirish va havzalarga yuqori tig‘izlikda o‘tkazishga ixtisoslashgan. Bunday usul baliqlarning omuxta yem sarfiga nisbatan rivojlanish sur’ati yuqoriligi, salbiy gidrokimyoviy holatlar va kasalliklarga chidamliligi bilan ajralib turadi. Odatda bir gektarlik havzadan o‘rtacha 15-20 sentner baliq olinadi. Vetnam texnologiyasi samarasida bu ko‘rsatkich 400 sentnergacha yetadi. 

Ushbu istiqbolli loyihaga "Ipoteka-bank" kredit ajratgan. Korxonada yiliga 300 tonnadan ortiq mahsulot tayyorlash, 20 ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan. 

Davlatimiz rahbari “Xiva naslli parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilishi rejalashtirilgan parrandachilik markazi loyihasi bilan tanishdi. 

"O‘zsanoatqurilishbank" mablag‘lari yo‘naltirilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 11 milliard so‘mni tashkil etadi. Korxonada Italiya va Xitoy uskunalari asosida yiliga 51 million dona tuxum, 1 million 40 ming dona jo‘ja yetishtirish mo‘ljallanmoqda. Bu har bir xonadonga 100 tadan jo‘ja tarqatish, aholi farovonligini oshirish imkonini beradi. Korxonada 50 ish o‘rni yaratiladi. 

Xalqimiz yetti xazinaning biri deb biladigan parrandachilik va baliqchilik bo‘yicha ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi, bu tarmoqlar aholini go‘sht va tuxum bilan ta’minlash, oilalarga daromad manbai yaratishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Agrofirmalar tashkil etish orqali bu mahsulotlarni eksport qilish ham mumkin. 

Prezidentimiz Xiva tumani Chodra qishlog‘ida Xursand Madrimov va Ollabergan Rahimov xonadonlariga kirib, ularning turmush sharoiti, daromadlari bilan qiziqdi. Tomorqadan samarali foydalanish, limon, yong‘oq, anor, anjir kabi serdaromad ekinlar ekish zarurligi haqida so‘z bordi. 

Shavkat Mirziyoyev Yangiariq tumanida tashkil etiladigan ip-gazlama ishlab chiqarish korxonasi loyihasi bilan tanishdi. Avvalgi “Yangiariq tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati binosida ish boshlaydigan yangi korxonada yiliga qariyb 20 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish, 6 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 150 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. 

Shu tumanda yana bir istiqbolli loyiha – zamonaviy tipdagi chorvachilik kompleksini ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Xalq banki krediti asosida “Tillo domor” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etiladigan ushbu majmuada 2 ming bosh qoramol boqish, yiliga 4 ming 100 tonna sut, 200 tonna go‘sht tayyorlash rejalashtirilgan. Kompleksda 90 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. 

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan plastmassa zavodi loyihasi ham namoyish etildi. Bu yerda 3,5 ming tonna polietilen va polipropilen granulalarini qayta ishlash asosida turli sig‘imli suv idishlari, shuningdek, yashik va qutilar ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. 

Prezidentimiz ushbu loyihalarning rentabelligi bilan qiziqdi. Bunday korxonalarni boshqa tumanlarda ham tashkil etish, odamlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Xorazmliklar dehqonchilik sohasida ham ulkan tajribaga ega. Keskin kontinental iqlim, murakkab tuproq sharoitiga qaramay, voha mirishkorlari qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirib kelmoqda. Paxta va g‘alladan tashqari guruch, qovun, uzum kabi mahsulotlarni eksportga yo‘naltirmoqda. O‘tgan yili poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida bu borada ko‘plab kelishuvlarga erishildi.

Shavkat Mirziyoyev Bog‘ot tumanida 200 gektar maydonda tokzor tashkil etish loyihasi bilan tanishdi. “O‘zvinosanoatxolding” xolding kompaniyasi tizimidagi “Xorazm uzumi tayyorlov savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etiladigan bog‘da yiliga 3 ming tonna uzum yetishtirish, 210 kishini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 200 gektar maydonda gurvak, kichkintoy, gulobi, zar gulobi kabi eksportbop qovun navlari ekish rejalashtirilgan. 

Bog‘ot tumani Mirishkor qishlog‘idagi xonadonlarda issiqxona tashkil etib, limon, yong‘oq, pomidor, bodring kabi xaridorgir mahsulotlar yetishtirish borasida olib borilayotgan ishlarga ham e’tibor qaratildi. 

Prezidentimiz Hazorasp tumaniga tashrifi chog‘ida Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlaydigan Toshsoqa magistral kanalida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi. 

Ushbu kanalda suv sathi pasayib ketgani sababli dalalarni nasos yordamida sug‘orish talab etilardi. Umumiy qiymati 145 million dollardan ortiq bo‘lgan ushbu loyiha doirasida Toshsoqa, Shovot, Polvon G‘azovot va G‘azovot kanallarining 305 kilometri rekonstruksiya qilinib, kanal tubi ko‘tariladi. 21 yangi kanal va 607 gidrotexnika inshooti quriladi. Buning natijasida 280 ga yaqin nasos olib tashlanib, yiliga 14 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tejaladi. 

Pudratchi va quruvchilar ishini samarali tashkil etish, qurilish va rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi. 

Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida sohalar va hududlarni mutanosib rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar samarasida Xorazm viloyatining sanoat salohiyati ham oshdi. Hazorasp tumanida “Damas”, “Orlando” va “Labo” avtomobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 12-yanvardagi «Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni ushbu hududlardagi resurslardan samarali foydalanish imkonini bermoqda. 

Bugungi kunda «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasi uchun yer uchastkasi ajratilib, uni zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash ishlari boshlab yuborilgan. Hozirgacha ushbu hududda yengil sanoat, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, charm-poyabzal, qurilish materiallari ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish bo‘yicha 50 dan ortiq loyiha tayyorlangan. 

Davlatimiz rahbari ushbu strategik zona qurilishida sifat va muddatga e’tibor qaratish, chet ellarda uning imkoniyatlarini targ‘ib qilish orqali xorijiy investitsiya va texnologiyalarni jalb etish zarurligini ta’kidladi. 

Urganch shahrida Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada oshirish, yosh avlodni tarbiyalash va ish bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Prezidentimizning Xorazm viloyatiga tashrifi davomida bo‘lib o‘tayotgan uchrashuv va suhbatlar Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida aholi bilan doimiy muloqot olib borishning amaliy isboti bo‘lmoqda. Bunday muloqotlar nafaqat Xorazm ahli, balki butun xalqimiz ko‘nglini ko‘tarib, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlamoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Manba: O'zA