O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Ko‘p xonadonli uy-joy fondining texnik holatini tubdan yaxshilash va undan tegishli ravishda foydalanish, ta’mirlash-tiklash ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish, shuningdek, ko‘p xonadonli uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish maqsadida: 

1. Quyidagilar ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini tashkil etish darajasini yanada oshirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin: 

aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ko‘p xonadonli uy-joy fondining uy ichidagi muhandislik kommunikatsiyalari va umumiy foydalaniladigan joylarni o‘z vaqtida va sifatli ta’mirlash, shuningdek, ko‘p xonadonli uy-joy fondiga tutash hududlarni bolalar va sport maydonchalari tashkil etgan holda, obodonlashtirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish; 

ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanish va unga xizmat ko‘rsatish bozorini rivojlantirish imkonini beradigan uy-joy kommunal xo‘jaligini boshqarishning ta’sirchan vertikal tizimini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish; 

uy-joy kommunal soha tashkilotlari, ayniqsa, ta’mirlash-tiklash xizmatlarining moddiy-texnik bazasini tashkil etish va mustahkamlash, ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va malakali mutaxassislar bilan ta’minlash. 

2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini ta’mirlash, obodonlashtirish va undan foydalanish sharoitlarini yaxshilash dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) tasdiqlansin va unda quyidagilar ko‘zda tutilsin: 

2017-2021-yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondining umumiy foydalaniladigan joylarini mukammal va joriy ta’mirlash parametrlari 1-ilovaga muvofiq; 

2017-2021-yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondiga tutash hududlarni obodonlashtirish parametrlari 2-ilovaga muvofiq; 

2017-2021-yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondining lift uskunalarini ta’mirlash va almashtirish parametrlari 3-ilovaga muvofiq; 

ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash, undan foydalanish va ta’mirlash tizimini takomillashtirishga doir kompleks tadbirlar 4-ilovaga muvofiq. 

Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlari tasdiqlangan Dasturning belgilangan muddatlarda qat’iy bajarilishi uchun shaxsan javob beradi. 

3. Quyidagilar Dasturni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin: 

ko‘p xonadonli uy-joy fondini mukammal va joriy ta’mirlash – tijorat banklari kreditlari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining maxsus bank hisobvaraqlarida alohida to‘planadigan o‘z mablag‘lari; 

ko‘p xonadonli uy-joy fondiga tutash hududlarni obodonlashtirish – Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari, shu jumladan, yil boshidagi qoldiq bo‘sh mablag‘lar va I-III chorak yakunlari bo‘yicha ortig‘i bilan bajarilgan daromad qismi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari; 

ko‘p xonadonli uy-joy fondining lift uskunalarini ta’mirlash va almashtirish – xususiy uy-joy mulkdorlarining o‘z mablag‘lari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari kreditlari, shuningdek, lizing hisobidan. 

4. Dasturni amalga oshirish doirasida: 

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining "Ko‘p xonadonli uylar, issiqlik ta’minoti obyektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi" davlat unitar korxonasi – buyurtmachi; 

«ToshuyjoyLITI» AJ – bosh loyiha tashkiloti; 

«O‘zsanoatqurilishbank» ATB – uy-joy kommunal soha tashkilotlarini moliyalashtirishni ta’minlaydigan vakolatli bank; 

«RILK «Qurilishmashlizing» AJ – uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatadigan tashkilotlarni zarur texnika va ta’mirlash-qurilish uskunalari bilan ta’minlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasi etib belgilansin. 

5. Tijorat banklariga «Ta’mirlash-tiklash xizmati» DUK va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga mazkur qaror bilan tasdiklangan Dasturni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan ortiq bo‘lmagan stavka bo‘yicha 5-yil muddatga imtiyozli kreditlar ajratish tavsiya etilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki: 

tijorat banklari bilan birgalikda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga ko‘p xonadonli uy-joy fondini ta’mirlash-tiklash va unga tutash hududlarni obodonlashtirish ishlari uchun avval ajratilgan kreditlarini qarz oluvchilarning arizalariga binoan 5-yil muddatga uzaytirsin; 

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda uy-joy kommunal xo‘jaligi korxona va tashkilotlarining hisobvaraqlarida mablag‘ to‘planishi va ulardan foydalanish tartibini ko‘zda tutadigan nizom loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzurida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga shartnoma asosida buxgalterlik hisobini yuritish, konsalting xizmatlar ko‘rsatish va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan majburiy badallar yig‘ish xizmatlari ko‘rsatadigan “Yagona hisob-kitob markazi” va uning shahar hamda tumanlarda, zarur hollarda, tumanlararo filiallari tashkil etilsin. 

Bunda “Yagona hisob-kitob markazi”ning talab qilib olguncha depozit hisobvaraqlari: 

«O‘zsanoatqurilishbank» ATB filiallarida – bankning shahar va tumanlardagi mavjud filiallarida; 

boshqa tijorat banklari filiallarida – “O‘zsanoatqurilishbank” ATB filiallari mavjud bo‘lmagan hududlarda ochiladi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari “Yagona hisob-kitob markazlari” tegishli ravishda faoliyat ko‘rsatishi uchun ularni xonalar bilan ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi: 

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda 2017-yilning 1-noyabrigacha ko‘p xonadonli uylarni, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, pasportlashtirish natijalari bo‘yicha ularning yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirsin va uni muntazam yangilab borishni ta’minlasin; 

2017-yilning 1-sentabriga qadar “Ta’mirlash-tiklash xizmati” DUKni O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari, tijorat banklari kreditlari va lizing hisobidan “Ta’mirlash-tiklash xizmati” DUKning yangidan tashkil etiladigan shahar va tuman filiallarini 5-ilovaga muvofiq maxsus texnika va mexanizmlarning namunaviy ro‘yxati asosida maxsus texnika hamda mexanizmlar bilan ta’minlasin; 

ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish bo‘yicha belgilangan norma va qoidalarni hisobga olgan holda, ko‘p xonadonli uy-joy fondi umumiy mulkini va unga tutash hududlarni saqlash uchun turar joy hamda noturar joy binolar mulkdorlarining majburiy badallari eng kam miqdorini har yili tasdiqlasin va ularni xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga yetkazsin. 

8. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra: 

ko‘p xonadonli uy-joy fondi umumiy mulki va unga tutash hududlarni saqlash uchun turar joy hamda noturar joy binolar mulkdorlarining majburiy badallari miqdori xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan har yili tasdiqlanadigan eng kam miqdordan kam bo‘lmagan hajmda belgilanadi; 

xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruvining raisi «Kommunalo‘quv» o‘quv-uslubiy markazi» davlat unitar korxonasida o‘qigani to‘g‘risida tegishli sertifikatga ega bo‘lgan taqdirda, tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i bilan kelishilgan holda saylanadi, shuningdek, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari a’zolarining umumiy yig‘ilishi qarori asosida tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘ining taqdimnomasiga ko‘ra lavozimidan ozod etiladi. 

9. Ko‘p xonadonli uy-joy fondini ta’mirlash, obodonlashtirish va undan foydalanish sharoitlarini yaxshilash dasturi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilish bo‘yicha Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) 6-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin: 

Dasturning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish; 

ko‘p xonadonli uy-joy fondiga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlari sifatini monitoring qilish; 

ko‘p xonadonli uy-joylarni mavsumiy foydalanishga tayyorlashni muvofiqlashtirish va monitoring qilish; 

respublikamizning ko‘p xonadonli uy-joy fondiga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirishning zamonaviy uslublarini joriy qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish; 

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlarining Dastur amalga oshirilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotlarini har chorakda eshitish; 

Dastur parametrlariga, zarur hollarda, asoslangan o‘zgartish va aniqliklar kiritish. 

10. «Ta’mirlash-tiklash xizmati» DUK 2022-yilning 1-yanvarigacha: 

barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan; 

respublikada ishlab chiqarilmaydigan va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kelinadigan qurilish texnikasi, kichik mexanizatsiya vositalari, material va uskunalar uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Dasturni amalga oshirish doirasida bajariladigan loyiha va qurilish-montaj ishlari sifatining, buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar tomonidan tuzilgan shartnomalar shartlari bajarilishining davlat arxitektura-qurilish nazoratini ta’minlasin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi «O‘zqurilishmateriallari» AJ, «O‘zmetkombinat» AJ bilan birgalikda navbatdagi yil uchun moddiy balanslarni ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining asoslangan talabnomalari bo‘yicha Dasturni amalga oshirish uchun sement va metall prokatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar hamda tartibga solinadigan narxlar asosida o‘rnatilgan tartibda ajratishni nazarda tutsin. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

14. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.