Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish borasida belgilangan vazifalar, xususan, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolishda davlat byudjetining alohida o‘rni bor. 

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tmoqda. Ularda “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2016-yildagi va 2017-yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi masalalar deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda. 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining majlisida ushbu hisobot batafsil muhokama qilindi. 

Mamlakatimizning asosiy moliyaviy hujjati – davlat byudjetini qabul qilish bo‘yicha milliy parlamentda o‘ziga xos mexanizm shakllangan. Shu ma’noda bu O‘zLiDeP fraksiyasiga iqtisodiyotni isloh qilish va modernizatsiyalash, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish, xususiy mulkning rolini tubdan oshirish borasida olib borilayotgan choralar ustidan samarali nazoratni ta’minlash bo‘yicha alohida mas’uliyat yuklaydi. 

Majlisda 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlari izchil va tizimli amalga oshirilishi natijasida iqtisodiyot o‘sishining barqaror va yuqori sur’atlariga hamda makroiqtisodiy muvozanatga erishilgani, ijobiy sur’atlar joriy yilning birinchi choragida ham saqlab qolingani, bularning barchasi iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratgani ta’kidlandi. 

Fraksiya a’zolari tomonidan davlat byudjeti va maqsadli davlat jamg‘armalari byudjetlari ijrosini partiya elektoratining manfaatlari hamda saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish nuqtai nazaridan tahlil qilishga e’tibor qaratildi. 

2016-yil yakunlariga ko‘ra, mahalliy xomashyo resurslarini bosqichma-bosqich chuqur qayta ishlash va tayyor iste’mol mahsulotlari nomenklaturasini kengaytirish tarmoqlari evaziga sanoat mahsulotlarining yuqori o‘sish sur’atlariga erishildi. Xususan, to‘qimachilik buyumlari, kiyim va charm mahsulotlari ishlab chiqarish 111,7 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari 110,8 foiz, farmatsevtika mahsulot va preparatlari 123,9 foiz, kimyo mahsulotlari, rezina va plastmassa buyumlari 129,7 foizga oshirilishiga erishildi. 

Deputatlar yil davomida meliorativ obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan pudrat ishlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmining ortishiga, ularni sanoat asosida chuqur qayta ishlashga, yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash infratuzilmasining rivojlanishiga turtki bo‘lganini alohida qayd etib o‘tdi. Fraksiya a’zolarining fikricha, yaqin istiqbolda mamlakatimiz yuqori sifatli, raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ushbu mahsulotlarni tashqi bozorlarga eksport qilish bo‘yicha mintaqadagi yetakchi davlatga aylanadi. 

Fraksiya a’zolari muhokamalardagi fikr-mulohazalardan kelib chiqib hamda davlat byudjetining ijrosi tasdiqlangan parametrlarga muvofiq ta’minlanganligini qayd etgan holda davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2016-yilda hamda joriy yilning birinchi choragida ijro etilishi yuzasidan o‘z nuqtai nazarlarini belgiladi va hisobotni ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

* * *
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishida jahon iqtisodiyotida kechayotgan murakkab jarayonlar, salbiy tendensiyalar va bozor kon’yunkturasidagi beqarorliklarga qaramasdan O‘zbekistonda davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan profitsit bilan ijro etilgani ta’kidlandi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2016-yildagi hamda joriy yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot partiyaning dasturiy maqsadlari va saylovoldi platformasida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqildi va muhokama qilindi. 

Fraksiya a’zolari 2016-yilda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va tarkibiy o‘zgartirish, ishlab chiqarishga eng zamonaviy, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali uni modernizatsiyalash milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilayotganligini alohida ta’kidladi. Bular, o‘z navbatida, iqtisodiyotning yuqori barqaror sur’atlarda o‘sishini va makroiqtisodiy muvozanatlilikni ta’minlaganligini alohida qayd etdi. 

Mamlakatimizning tarixiy-me’moriy, ijtimoiy-madaniy merosini asrab-avaylash va saqlashga yo‘naltirilgan mablag‘larning sarflanishi tahlil qilindi. Ushbu maqsadlarga davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar mamlakatimiz madaniy meros obyektlarida ta’mirlash hamda konservatsiya ishlarini amalga oshirish bo‘yicha dasturlar ijrosini ta’minlashga xizmat qilmoqda. 

Muhokamalar chog‘ida fraksiya a’zolari hukumat tomonidan taqdim etilgan hisobotlarni qo‘llab-quvvatlab, partiya dasturiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda mamlakat byudjetining ijrosi bilan bog‘liq bir qator masalalarga e’tibor qaratdi. 

Avvalo, «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» tamg‘asi ostida jahon bozoriga mahsulot chiqarishga hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni tizimli davom ettirish zarurligi ta’kidlandi. 

Yig‘ilishda muhokama qilingan davlat byudjeti ijrosi yuzasidan fraksiyaning nuqtai nazari shakllantirilib, hisobotni ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.