Yuqorichirchiqlik M.Sharipova 2015-yil 12-oktabrdan shu yilning 27-martiga qadar «Toshkent mexanika zavodi» aksiyadorlik jamiyatida nazoratchi bo‘lib ishlagan. O‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shagan. Biroq u joriy yil fevral va mart oylari uchun ish haqi, boshqa kompensatsiya pullarini vaqtida ololmagan. 

Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga murojaatdan so‘ng Toshkent shahar prokuraturasi bu arizani nazoratga olgan. Natijada qisqa muddatda ayolga 1,7 million so‘mdan ziyod pul to‘lab berilgan. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi bilan asos solingan Xalq qabulxonalari instituti odamlar bilan faol va ochiq muloqot olib borish, murojaatlarni hal qilish, muammolarga yechim topishda g‘oyat samarali vosita bo‘lmoqda. Davlat idoralari xalqimizga xizmat qilib, odamlar talab-istaklari asosida ishlay boshlagani hayotimizda sezilmoqda. Inson qalbiga yo‘l topilmoqda. Zotan, mamlakatimizning strategik maqsadlariga, ko‘zlangan yuksak marralarga xalq bilan muloqot qilish, odamlarning ichiga kirish, ularning dardu tashvishlari bilan yashash, inson manfaatlarini ta’minlash orqaligina erishish mumkin. 

Bu jihatlar Toshkent shahar prokuraturasi amalga oshirayotgan ishlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Prezidentimizning Virtual qabulxonasi orqali joriy yil boshidan 15-mayga qadar Toshkent shahar prokuraturasiga 3 ming 917 murojaat kelib tushgan. 

– Mazkur murojaatlarning 394 tasi qanoatlantirilgan, 3 ming 99 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan, 339 tasi rad etilgan, 125 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, – deydi Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosari Yorqin Abdullayev. – Hal etilgan murojaatlar bo‘yicha 22 protest, 5 taqdimnoma, 711 million so‘mni undirish bo‘yicha 293 da’vo arizasi kiritilgan, 282 million so‘m ixtiyoriy undirilgan, 4 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Shu davrda tadbirkorlarning 85 murojaatidan 1 tasi qanoatlantirilgan, 74 tasiga tushuntirish berilgan, 3 tasi rad etilgan, 3 tasi ko‘rmay qoldirilgan. Hal etilgan elektron murojaatlar bo‘yicha 262 million so‘m ixtiyoriy undirilgan. Bularning barchasi prokuratura organlaridan mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni yanada kuchaytirishni, qonunbuzilishlarga qat’iy munosabat bildirib, buzilgan huquqlarni amalda tiklashni talab etadi. 

Yashnobodlik Iroda Shoymardonova turmushdan ajragan. Qaramog‘ida bir farzandi bor. U shu yil 18-fevralda to‘langan aliment pulini pochta aloqa bo‘limidan vaqtida ololmayotganidan shikoyat qilib murojaat yo‘llagan. Toshkent shahar prokuraturasining tekshiruvi natijasida 21-fevralda ayolga 1,7 million so‘mdan ziyod aliment puli to‘lab berilgan. 

Yakkasaroylik Shahnoza Komilova shu yil 31-mart kuni “Roison Electronics” kompaniyasi bilan shartnoma tuzgan. Unga ko‘ra fuqaroga avtomat kir yuvish mashinasi yetkazib berilishi kerak edi. Biroq shartnomada nazarda tutilgan muddat o‘tganiga qaramay, ayolga mahsulot yetkazib berilmaydi. Iste’molchining Virtual qabulxonaga murojaatidan so‘ng unga shartnomada ko‘rsatilgan avtomat kir yuvish mashinasi ajratilgan. 

Zangiotalik Robiya Azamatova Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talabasi. Uning shu yil 17-yanvardagi murojaatida aytilishicha, institutning katta o‘qituvchisi T.Rahmatov talabaga qoniqarli baho qo‘yib berish evaziga undan elektr pechkasi olgan. Toshkent shahar prokuraturasi xodimlari mazkur murojaatni o‘rganganda, T.Rahmatovning qonunga xilof xatti-harakatlari aniqlangan va unga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan. 

Albatta, hal etilgan murojaatlar o‘z-o‘zidan tushunarli. Biroq yuqorida aytilgan ba’zi ma’lumotlar – ayrim murojaatlar nima sababdan rad etilgani yoki ko‘rmay qoldirilgani o‘quvchilarga qiziq. Xo‘sh, bularga sabab nima? 

– Bular asosan murojaatlardagi jismoniy shaxslarning familiyasi, uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagani, murojaatning mohiyati bayon etilmagani, bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga shikoyat jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlarini buzuvchi harakat sodir etilganligi ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran bir yildan kechiktirib berilgani, vakillar orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, yolg‘on ma’lumotlarni bayon etilishi kabi omillar bilan bog‘liq, – deydi Toshkent shahar prokurorining yordamchisi Tolibjon Umarov. – Ba’zi hollarda murojaatda ko‘rsatilgan manzil yo telefon raqami boshqa bo‘lib chiqmoqda. Bu mazkur murojaatning anonim xarakterga ega ekanini ko‘rsatadi. Shu bois ular rad etiladi yoki ko‘rmasdan qoldiriladi. Bu aholining huquqiy ongini, xususan, murojaat madaniyatini yuksaltirish hamon dolzarb masala bo‘lib turganini anglatadi. 

Xalq qabulxonalari instituti mamlakatimizda har bir soha va hududdagi asl manzarani, mavjud ahvolni real ko‘rish va baholash imkonini bermoqda. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari ijro hokimiyati faoliyatini yanada samarali yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda. 

Birgina Toshkent shahar prokuraturasiga kelgan murojaatlarni o‘rganish va tahlil qilish natijasida poytaxtimizning qaysi tumanida aholi asosan qanday masalalarni kun tartibiga ko‘tarib chiqayotgani oydinlashadi. Balki bir idoraning tahlillari yakuniy xulosa bo‘lmasligi mumkin, biroq shuning o‘zi Xalq qabulxonalari – murojaatlarga asos bo‘lgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, ularni bartaraf etish maqsadida hayotiy takliflar tayyorlash imkonini berishga qodir institut sifatida shakllanayotganining isbotidir. 

Bunday jonli muloqotlar, qizg‘in bahs-munozaralar kuzatuvi bir haqiqatni ko‘rsatadi: odamlarda murojaat madaniyati yuksalmoqda – ilgari ko‘p uchragan behuda baqir-chaqirlar, asosli-asossiz talab qilishlar kamayib, haqli talabni og‘ir-vazminlik bilan tushuntirish, adolat qaror topishi uchun qonun doirasida amaliy yordam so‘rash ko‘paymoqda. O‘z navbatida oldingidek qovog‘idan qor yoqqan, «shikoyatingni o‘rganishdan boshqa ishim yo‘qmi?» deydigan rahbar yo mas’ul xodimlarni deyarli uchratmaysiz. Muloqotlar o‘zaro bir-birini tushunish, hurmat qilish asosida kechmoqda. 

Zotan, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilsa, aholi o‘z hayotidan mamnun bo‘lsa, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi mustahkamlanadi, muammolar kamayadi, taraqqiyotning yangi ufqlari ochiladi, farovonlik yuksaladi. Bularga erishmay turib, odamlarni hayotdan rozi qilib bo‘lmaydi.