Farg‘ona politexnika institutida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini o‘rganish va targ‘ib etishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, targ‘ibotchilar, yoshlar ishtirok etdi. 

Respublika milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari A.Mavrulov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining kafedra mudiri Sh.Toshmatov va boshqalar Harakatlar strategiyasi zamirida Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va hayotning barcha sohalarini erkinlashtirishga qaratilgan ezgu maqsadlar mujassam ekanini ta’kidladi. 

Harakatlar strategiyasiga muvofiq, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish kabi yo‘nalishlarning har biri mamlakatdagi islohotlarni va yangilanishlarni yanada chuqurlashtirishga oid aniq bo‘limlardan iborat. 

Hozirgi bosqichda mazkur hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi keng qatlamlariga atroflicha yetkazish talab etiladi. Zero, unda ko‘zda tutilgan ustuvor vazifalar ijrosini to‘liq bajarishda jamoatchilikning xabardorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. 

– Harakatlar strategiyasidagi har bir vazifa inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni yanada jadallashtirish, odamlarning orzu-intilishlarini yuzaga chiqarishga yaqindan ko‘maklashish, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida tub ijobiy o‘zgarishlarga erishishga xizmat qiladi, – deydi Farg‘ona politexnika instituti prorektori Sh.Mahmudov. – Xalqimiz Harakatlar strategiyasi o‘z hayotida muhim o‘rin tutishini tobora teran anglab yetmoqda. Strategiyadagi yo‘nalishlarning mazmun-mohiyatini yanada keng targ‘ib etishda bunday ilmiy-amaliy seminarlarning ahamiyati katta. Targ‘ibot tadbirlariga jalb etiladigan ekspert-trenerlar bu yerda bildirilgan fikr va tavsiyalar asosida izchil faoliyat olib boradi. 

Seminarda Harakatlar strategiyasining ilmiy-nazariy asoslari hamda ustuvor yo‘nalishlari keng tahlil qilindi. Strategiya yo‘nalishlari mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng tushuntirish bilan bog‘liq masalalar xususida fikr almashildi.