20 iyun kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Microsoft korporatsiyasining MDH davlatlarida biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Irina Volk boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, Microsoft axborot texnologiyalari sohasida boy tajribaga ega jahondagi yirik kompaniyalardan biri. Jumladan, amerikalik ishlab chiqaruvchi konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, IT-arxitekturasini loyihalashtirish va AKT mahsulotlari ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadi.

Ta’kidlanganidek, Microsoft kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida istiqbolli loyihalarni amalga oshirilishi har ikki tomon uchun manfaatli.

Jumladan, uchrashuvda AKT-ta’lim, "aqlli shahar" texnologiyalari, ma’lumotlarni "bulutli" saqlash tizimlari, AKT xizmatlarida autsorsingni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Shuningdek, axborot xavfsizligini ta’minlash va AKT sohasida intellektual mulk bilan bog‘liq huquqlarni ta’minlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin hamkorlikni davom ettirishga xayrixohlik bildirib, tegishli yo‘nalishlarda anglashuv memorandumlari asosida birgalikda ishlashga kelishib oldilar.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi