Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar standartlashtirish va metrologiya boshqarmalari tugatilib, “O‘zstandart” agentligi qoshida Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash Departamenti tashkil etiladigan bo‘ldi.

Yangi departament texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunbuzilishlarini oldini olish va profilaktika qilish, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya masalalarida tadbirkorlik sub’ektlariga har tomonlama yordam ko‘rsatishga mas’ul etib belgilandi.

Shuningdek, texnik reglamentlar, standartlashtirish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar talablariga rioya qilinishi, o‘lchov birliklari yagonaligi va ishonchliligini ta’minlash, majburiy sertifikatlashtirish qoidalari talablari bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatish ham agentlik huzurida tashkil etilayotgan departamentning zimmasiga yuklatiladi.

Qaror doirasida Agentlikning Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti va “Axborot-ma’lumot markazi” davlat korxonasi negizida “O‘zstandart” agentligi huzuridagi Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilmoqda.

Institut standartlashtirish bo‘yicha tarmoq texnik qo‘mitalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi. Shuningdek, institut standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga mas’ul tashkilot etib belgilanmoqda.

“O‘zstandart” agentligi va Partiya faollari uchrashuvida Qaror O‘zLiDeP elektorati bo‘lgan tadbirkorlar uchun ham qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berayotganligini ta’kidladilar.

Bundan tashqari, Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya qilish forumi (IAF) to‘laqonli a’zolari hisoblangan davlatlarning sertifikatlashtirish organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlari taqdim etilganda, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ko‘p miqdorda bo‘lmagan tadbirkorlik sub’ektlari (erkin iqtisodiy zonalari shtirokchilari bundan mustasno) o‘z ehtiyojlari uchun olib kiradigan qishloq xo‘jaligi texnikasi, texnologik uskunalar va ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, shuningdek, majburiy sertifikatlanishi lozim xom-ashyo, materiallar va buyumlar majburiy sertifikatlashtirishdan ozod qilinadi. Qaror bilan tadbirkorlik sub’ektlariga berilayotgan bunday imkoniyatlar partiya elektorati vakillari faoliyatini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, korxonalarni modernizatsiya qilish va mahalliy mahsulotlarimizning sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Axborot xizmati