Davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri boʻlgan “Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinganligiga 30 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizim tashkilotlari hududiy filiallari tomonidan “MUQADDASDIR VATAN BAYROGʻI” mavzuida madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Uchrashuvda Fargʻona viloyati maʼnaviyat va maʼrifat markazi targʻibotchisi M. Ehsonova ishtirok etib, qadimdan yurtimiz davlatchiligida bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, gʻalaba timsoli boʻlgani, Sohibqiron Amir Temur saltanatida davlat bayrogʻi adolat, buyuk kuch-qudrat ramzi hisoblanganligi, jangu jadallarda yuksak mardlik va jasorat belgisi sifatida eng kuchli bahodirlarga hadya qilinganligini eʼtirof etdi.

Davlatimiz bayrogʻida aks etgan har bir rang, belgi yurtimizning boy tarixi, milliy davlatchiligimiz, bebaho qadriyatlarimizni, Vatanimiz kelajagini ifoda etadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi.

Zero, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi xalqaro maydonda, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chogʻida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, jahon koʻrgazmalarida, sport musobaqalarida Oʻzbekiston Respublikasining timsoli boʻladi. Bayrogʻimiz oʻzida butun Oʻzbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, gʻayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondoʻstlikni mujassam etadi.

Tadbir davomida xodimlar tomonidan Vatanni madh etuvchi sheʼriy chiqishlari davraga oʻzgacha fayz bagʻishladi.