Prezidentimizning texnik jihatdan tartibga solish sohasini rivojlantirishga oid Farmon hamda Qarorlari mazmun-mohiyatini  keng jamoatchilik va  hududlarda investitsion loyihalar boʻyicha ishga tushgan va yangi ishga tushirilayotgan  korxonalarga,  eksportyorlarga, mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan past quvvatda ishlayotgan sanoat korxonalarga yetkazish maqsadida bir qator uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

Agentlik tizimidagi Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti masʼullari Xiva shahrida joylashgan 2021-yil sentyabr oyida faoliyatini boshlagan  Germaniya va Fransiya texnologiyasi va uskunalari yordamida gilam ishlab chiqruvchi  “Hiva gilamlari kombinati” korxonasida boʻlib, u yerda eksportga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, sinov laboratoriyalari, ishchilarga yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar.

Korxonada ishlab chiqarilayotgan gilam mahsulotlari nafaqat ichki bozorga balki Ozarbayjon, Ukraina va Belorusiya davlatlariga eksportni amalga oshirayotgani  quvonarli hol.

 Shu bilan birga,  korxonada 500 nafarga yaqin mahalliy yoshlar faoliyat yuritib kelayotgani,  joriy yil ishchilar sonini 800 nafarga yetkazish, shu bilan bir qatorda mavjud sinov laboratoriyasini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish rejalashtirilganligi  maʼlum boʻldi.

Uchrashuv davomida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrolgiya va muvofiqlikni baholash sohalaridagi yangiliklari yuzasidan qoʻshimcha maʼlumotlar berildi.