O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Germaniya Federal fizika-texnik instituti (PTB)ning loyiha koordinatori Kristofer Kolell va PTB xalqaro eksperti Klemensa Sanetra bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat chog’ida “O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun milliy sifat nifratuzilmasidagi  islohotlarni va sifatni ta’minlash xizmatlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar  ko‘rib chiqildi.

Akkreditatsiya markazini Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF), Laboratoriyalar akkreditatsiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik (ILAC)ning to‘la huquqli a’zosi safiga qabul qilinganligi va  natijalarini o‘zaro tan olish to‘g’risidagi ko‘p tomonlama Bitimga qo‘shilganligi, O‘zbekiston milliy metrologiya institutida milliy etalonlarni saqlash, ulardan foydalanish bo‘yicha yaratilgan infratuzilma, laboratoriyalardagi shart-sharoitlar xalqaro standartlar va me’yoriy talablarga mosligi Germaniya ekspertlar tomonidan e’tirof etildi.

Erishilgan muhim natijalar mamlakatimizda  sifat infratuzilmasidagi islohotlarni va sifatni ta’minlashdagi ufqlarini yanada kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

O‘z navbatida Germaniyalik ekspertlarga yuqorida ishlarni amalga oshirishda nazariy va amaliy bilimlari bilan yordam ko‘rsatganligi uchun minnatdorchilik izhor etildi.

Tadbirda loyiha doirasida texnik tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya sohalarida navbatdagi amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar  va tarmoqlar bilan ishlash masalalari muhokama qilindi.

Germaniya ekspertlari  Agentlikda I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda yangi tashkil etilgan “O‘quv va amaliyot” xonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur xona soha yo‘nalishi uchun yetuk kadrlar tayyorlashga yordam berishiga umid bildirdilar.

Tadbir yakuniga ko‘ra, soha yo‘nalishlarda ikki tomonlama ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishildi.