Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Paxtakor tumanida bo‘lib, Jizzax viloyatida yengil sanoat, charm-poyabzal, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar bilan tanishdi. 

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 21-dekabrdagi “2017-2019-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qarori soha rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. 

Viloyatda 2017-2018-yillarda yengil sanoatni rivojlantirish dasturi doirasida qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Milliy bank tomonidan “Elegans teks”, “Paxtakor gold  teks”, “Forish gold teks”, “Zomin tekstil”, “Zarbdor tekstil”  kabi korxonalarda umumiy qiymati 111 million dollarlik loyihalarni hayotga tatbiq etish va 2 ming 890 yangi ish o‘rni tashkil etish mo‘ljallangan. 

 “Asaka” banki, “Ipoteka-bank” va “Aloqa” banki tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirish, yetishtirilayotgan paxta tolasini hududning o‘zida qayta ishlash hajmini kengaytirish va aholini sifatli kiyim-kechak mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi. 

Prezidentimiz tashkil etilayotgan har bir ish o‘rni muhim ekanini, korxonalarni barpo etishda zamonaviy qurilish materiallaridan keng foydalanish va ishga tushirish muddatlarini tezlashtirish lozimligini qayd etdi.

Viloyatda teri xomashyosi tayyorlash va qayta ishlash hajmini oshirishga qaratilgan loyihalar hisobiga iste’mol bozorini arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash borasida qator tashabbuslar ilgari surilmoqda. 

“O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tomonidan “Jizzaxulgurjisavdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida agrologistika markazi tashkil etilmoqda. "Jizzax" erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan ushbu korxona qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, quritish, qadoqlash, saqlash, issiqxona tashkil etish hamda eksportga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadi. Korxona gaz, suv, elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlangan. Hududda temir yo‘l tarmog‘i xizmat ko‘rsatmoqda. 

Agrologistika markaziga qishloq xo‘jalik maxsulotlarini qayta ishlash uchun zarur bo‘ladigan asbob-uskunalarni Italiyadan keltirish ko‘zda tutilmoqda. Loyiha amalga oshirilgandan so‘ng qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan 2 ming tonnalik sovutgich, shuncha sig‘imga ega dukkakli mahsulotlarni saqlash omborxonasi, 3 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatlari, 4 gektarda issiqxona tashkil etiladi. Ishchilar soni 150 nafarga yetkaziladi. 

Jizzax shahridagi "Bonu shirinliklari" korxonasi tomonidan qandolat va shokolad mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi taqdim  qilindi. 140 ishchi mehnat qilayotgan ushbu korxonada faoliyatni kengaytirish maqsadida eksportga yo‘naltiriladigan konditer va shokolad mahsulotlari ishlab chiqarish liniyalarini o‘rnatish mo‘ljallanmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 14 milliard so‘m bo‘lib, shundan 9,8 milliard so‘mi Xalq banki krediti hisobidan amalga oshiriladi. Qo‘shimcha 150 ish o‘rni yaratiladi. 

Yangilikka intilib yashash iqtisodiyotimiz taraqqiyotining muhim omilidir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bugun xorijiy bozorlarda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga talab ortib bormoqda. Bu iqtisodiyotimiz tobora yuksalib borayotganidan dalolatdir. Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar iqtisodiy samaradorlik bilan birga, eksport salohiyatini yuksaltirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jahon bozorida xaridorgirligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Viloyatda yirik chorvachilik loyihalarini moliyalashtirish, parrandachilikni rivojlantirish, Zomin tumanida tokzorlar, issiqxona majmuasi barpo etish, asal yetishtirish, Baxmal tumanida 2 ming bosh qoramol boqiladigan va sutni qayta ishlaydigan zavodni ishga tushirish, Forish tumanida naslli echkilarni ko‘paytirish va echki sutini qayta ishlash agrofirmasi tashkil qilish, G‘allaorol tumanida yong‘oqzorlar barpo etish, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida baliqchilikni rivojlantirish loyihalarining taqdimotlari ham o‘tkazildi. 

Prezidentimiz ushbu loyihalar bilan tanishib, ularning har biri bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.