Elektr va gaz hisoblagichlarga talab

O‘zbekiston Respublikasining Metrologiya to‘g‘risidagi qonunning 16-moddasiga asosan, respublikada ishlab chiqarilayotgan va chetdan keltiriladigan o‘lchov vositalari davlat sinovlaridan yoki metrologik attestatsiyadan o‘tkazilishi lozimligi belgilangan.

Davlat sinovlaridan yoki metrologik attestatsiyadan o‘tkazishda elektr va gaz hisoblagichlar issiq harorat +70 oS dan sovuq harorat - 25 oS gacha chidamliligi, suv va changdan himoyalanganligi (IP54), hisoblagich barcha ma’lumotlarni o‘z xotirasida saqlashi va markazga uzatib turishi, to‘lov miqdori kamayganda hisobni to‘ldirish kerakligi to‘g‘risidagi xabarni iste’molchiga yetkazishi bo‘yicha talablariga muvofiq deb topilganda qo‘llanilishiga ruhsat etiladi.

Bojxona rasmiylashtiruvidan so‘ng ikki oy muddatda muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi 4059-sonli qaroriga asosan, o‘z ishlab chiqarish ehtiyoji uchun chetdan olib kelingan o‘lchash vositalariga muvofiqlik sertifikatini taqdim etmagan holda, uni bojxona hujjatlarini rasmiylashtirilgan kundan boshlab, ikki oy davomida o‘rnatilgan tartibda olishga ruhsat etildi.

Qaror kuchga kirgandan so‘ng, jami 94 ta tadbirkorlik sub’ektlariga, 18.8 mlrd so‘mlik, 175 turdagi o‘lchash vositalariga imtiyozli tartibda muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasida qo‘llashga ruhsat berilgan Xalqaro o‘lchamlar tizimi (SI)

Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda, ilmiy-texnik va boshqa nashrlarda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilishda, o‘quv, o‘quv-metodik va turli ma’lumotlar beradigan yordamchi adabiyotlarda, shuningdek o‘lchash vositalarini yorliqlaridagi o‘lcham birliklari, ularning nomi va belgilanishi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida o‘lcham birliklarini qo‘llash to‘g‘risida”gi 21-sonli qarori bilan belgilab qo‘yildi.