Prezidentimizning 2018 yil 12 dekabrdagi PQ-4059-sonli “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2019 yil 30 maydagi PQ-4348-sonli «Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi qarorlari ijrosini ta’minlash, Xalqaro Elektrotexnika Komissiyasi (IEC) standartlarini qabul qilish va joriy etishni yanada samarali tizimini shakllantirish maqsadida IEC talablariga muvofiq “Milliy Elektrotexnika Qo‘mitasi” (NEC) tashkil etildi.

“Milliy Elektrotexnika Qo‘mitasi” (NEC)da O‘zbekiston Respublikasi Standartlar instituti, “O‘zatom” agentligi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi, Xalqaro quyosh energiyasi instituti, O‘zinjiniring respublika loyiha instituti bilan birgalikda elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi maxalliy va qo‘shma korxonalar faoliyat yuritadi.

Joriy yilning 17 dekabr kuni “O‘zstandart” agentligida “Milliy Elektrotexnika Qo‘mitasi” (NEC)ning ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Xalqaro Elektrotexnika Komissiyasi (IEC) xalqaro standartlaridan foydalanish va elektrotexnika mahsulotlarini IEC standartlariga muvofiq ishlab chiqarish, mahsulotlar sifatini yaxshilash, raqobatbardoshligini oshirish va texnik qo‘mita oldiga qo‘yilgan istiqboldagi rejalar muhokama etildi.