Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligida “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” shiori ostida yangi kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”, “Davlat tilida ish yuritish”, “Soʻz xiyoboni”, “Xalqaro terminelementlarning izohli lugʻati”, “Harbiy atamalarning yangi izohli lugʻati”, “Yuridik terminlarining ruscha-oʻzbekcha lugʻati”, “Oʻzbek tili meʼyorlari (punktuatsiya)”, “Oʻzbek tili bank-moliya terminlarining izohli-illyustrativ ruscha-oʻzbekcha lugʻati”, “Ijtimoiy-siyosiy terminlarning qisqacha izohli lugʻati”” kabi kitoblar nashr etilib, taqdimotlari oʻtkazildi.

Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari boʻyicha Departament tomonidan mazkur kitoblardan Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga ham taqdim etildi.

Kitoblar orasida “Milliy oʻzlik va mustaqil davlatchilik timsoli” nomli maqolalar toʻplami ham alohida eʼtiborni jalb qildi. Mazkur toʻplamda Departament xodimlari, turli vazirlik, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va hokimiyatlarda faoliyat yuritayotgan davlat tili boʻyicha maslahatchilar, tilshunos olimlar, tom maʼnoda tilimiz jonkuyarlarining respublika markaziy bosma va elektron nashrlarida eʼlon qilingan milliy oʻzlik va mustaqil davlatchiligimiz timsoli boʻlgan ona tilimizni rivojlantirish, uni xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish masalalariga bagʻishlangan dolzarb maqolalar oʻrin olgan.

“Oʻzbek tili meʼyorlari (punktuatsiya)” kitobida zamonaviy oʻzbek punktuatsiyasi meʼyorlari, tinish belgilarining qoʻllanishi kabi turli masalalar haqida fikr yuritilgan boʻlib, kitob ham lotin, ham kirill alifbolarida berilgan. Bu kitob nafaqat nazariy, balki davlat boshqaruv organlari xodimlarining ish jarayonlarida foydalanishlari uchun eng yaqin metodik yordamchi sifatida amaliy ahamiyatga ham egadir.

Eslatib oʻtamiz, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan standartlashtirish, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash atamalarining izohli lugʻatini tayyorlash boʻyicha ish olib borilmoqda, yaqin kunlarda ushbu lugʻatning ham taqdimoti oʻtkaziladi.