Eng munosiblar tavsiyanoma oladi

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug harbiy qismlari va muassasalarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganaskarlar uchun test sinovlari o‘tkazildi.
Birinchi Prezidentimizning 2012 yil 31 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar qilib ulg‘aytirish, ularda Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli va mas’uliyatli kasbga qiziqishni oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda namunali xizmat qilayotgan askarlarning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligi, tegishli fanlar bo‘yicha bilim darajasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi mutaxassislari ishtirokida sinovdan o‘tkazildi.
Test sinovlarida eng ko‘p ball to‘plagan va muddatli harbiy xizmatni o‘tash jarayonida yuqori natijalarga erishgan, safdoshlariga o‘rnak bo‘lgan askarlarga oliy o‘quv yurtiga imtiyozli asosda o‘qishga kirish imkonini beradigan harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalari topshiriladi.
– Test sinovlarini topshirishda armiya safida orttirgan bilim va ko‘nikmalarim bilan birga, Toshkent shahar tijorat va tadbirkorlik kasb-hunar kollejida olgan bilimlarim juda qo‘l keldi, – deydi oddiy askar D.Alijonov. – Biz, yoshlarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar uchun davlatimizdan minnatdormiz.

Manba: O'zA