Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘idagi Shoirlar xiyobonida bir guruh adiblar bilan uchrashdi. 

Mustaqillik yillarida yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ta’lim muassasalarini badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop va tarbiyaviy adabiyotlar bilan ta’minlashni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotir. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim qadam bo‘ldi.  

Uchrashuvda bu maskanni yanada obod qilish, odamlarning, ayniqsa, yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, ularni kitobga oshno qilish, mashhur adiblarimiz hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ularni bu dargohga muntazam ravishda jalb etish haqida so‘z bordi. 

Shoirlar xiyoboni shunday maskan bo‘lishi kerakki, shoirlarimizning she’rlari bu yerda muntazam jaranglab turishi zarur, dedi Prezidentimiz.      

Mamlakatimizdagi barcha madaniy muassasalarda she’rxonlik kechalari o‘tkazish, yoshlarning bunday uchrashuvlarda faol ishtirokini ta’minlash maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi. 

She’riyatga oshno bo‘lgan inson aslo kam bo‘lmaydi, dedi davlatimiz rahbari. 

Uchrashuvda shoir va yozuvchilar ijod ahliga, kitob mutolaasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Manba: O'zA