Qozog‘istonda 10 sentyabr kuni “Astana EXPO – 2017” xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmaning rasmiy yopilish marosimi o‘tkazildi. Unda qator davlat rahbarlari va xalqaro delegatsiyalar yetakchilari ishtirok etdi. 

Uch oy davom etgan ko‘rgazmada O‘zbekiston, Rossiya, AQSh, Xitoy, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya, Turkiya, Hindiston, Vetnam, Armaniston, Pokiston, Ozarbayjon, Belarus, Kuba, Turkmaniston, Ruminiya, Braziliya, Gruziya kabi 120 ga yaqin davlat o‘zining texnologik, ilmiy, madaniy yutuqlarini namoyish etdi. Shuningdek, 20 dan ortiq xalqaro tashkilot qatnashdi. 

“Kelajak energiyasi” mavzuida o‘tkazilgan ko‘rgazma, uning doirasida tashkil etilgan xalqaro konferensiyalar sayyoramiz kelajagiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan energiya iste’moli muammosi jahon hamjamiyatini tashvishga solayotganini ochib berdi. 

Sanoatlashtirish ramzi, texnik va texnologik yutuqlar namoyishi uchun ochiq platforma hisoblangan EKSPO ko‘rgazmasi millionlab odamlar e’tiborini tortdi, unga 5 milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi. 

Mamlakatimiz ko‘rgazmada samarali ishtirok etdi. Umumiy maydoni 1 ming 180 kvadrat metrni tashkil etgan pavilonga minglab mehmonlar, mutaxassislar tashrif buyurdi. Yurtimizning avtomobilsozlik, yuqori texnologiyalar, robototexnika, turizm, agrar sohalarda erishgan yutuqlari aks ettirilgan stendlar ularda katta qiziqish uyg‘otdi. Istiqbolli hamkorlikka oid qator shartnomalar imzolandi. 5 sentyabr kuni O‘zbekiston milliy kuni o‘tkazildi. 

“Astana EXPO – 2017” ko‘rgazmasining yopilish marosimida bu yilgi tadbir 1851 yildan buyon an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan xalqaro yarmarkaning mantiqiy davomi bo‘lgani, dunyo xalqlarini birlashtirishga katta hissa qo‘shgani, uni o‘tkazish va yarmarkada ishtirok etish istagini bildirayotgan mamlakatlar safi tobora kengayib borayotgani ta’kidlandi. 

Xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmaning rasmiy yopilish marosimi teatrlashtirilgan konsert dasturi va mushakbozlik bilan nihoyasiga yetdi. 

Navbatdagi xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazma 2020 yil Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkaziladi.