Samarqand shahrida 2018 yil 20-22 aprel kunlari O’zbekiston va Tojikiston davlatlari ishbilarmon doira vakillari ishtirokida O’zbekiston-Tojikiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Kun avvalida Samarqandga tashrif buyurgan So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Hazrati Xizr majmuasida Islom Karimov qabrini ziyorat qildi.

 Samarqandlik va so‘g‘dlik ishbilarmonlar ishtirokidagi biznes-forum o‘z ishini 2018 yil 21 aprel kuni Samarqand shahridagi «Registon Plaza» mehmonxonasida boshladi.

Ta’kidlash lozimki, biznes-forumning asosiy maqsadi ikki davlatning umumiy transport-kommunikatsiyaviy imkoniyati va tranzit salohiyatidan to‘la foydalanish orqali o‘zaro tovar aylanmasi hajmini son va miqdor jihatidan oshirish, sanoat mahsulotlari milliy ko‘rgazmasini tashkil etish hisobiga tadbirkorlarimiz o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashga qaratildi.

Forum doirasida ishtirokchilar uchun ikki mamlakatda investorlar uchun yaratilayotgan sharoit, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, soliq va bojxona imtiyozlari haqida muhim ma’lumotlar berilib, mavjud iqtisodiy imkoniyatlar taqdimoti o‘tkazildi.

Forumda Samarkand viloyati va Tojikistonlik hunarmandlar, ishlab chiqaruvchi korxonalar va tadbirkorlar mahsulotlari namoyish etildi.

Rajabboy Ahmadzoda boshchiligidagi so‘g‘dlik tadbirkorlar Samarqand viloyati xokimi Turobjon Juraev xamroxligida Samarkand shaxrida joylashgan «SamAvto» MChJ avtomobil zavodiga tashrif buyurib, avtobus, yuk mashinalari va maxsus avtotransportlar ishlab chiqarilishi jarayoni bilan yakindan tanishishdilar.

Shuningdek, Rajabboy Ahmadzoda boshchiligidagi so‘g‘dlik tadbirkorlar viloyat hokimi Turobjon Jo‘raev hamrohligida Past Darg‘om tumanidagi «Past Darg‘om saxovati» qo‘shma korxonasida gidroponika usulida tashkil qilingan issiqxona faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda zamonaviy usulda kompyuterlashtirilgan texnologiyalar asosida pomidor yetishtirish va uni xorijga eksport qilish mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. So‘g‘dlik tadbirkorlar ushbu korxona bilan hamkorlikda Tojikistonda shu kabi issiqxonalar tashkil qilishga kelishib oldilar.

Shuningdek ushbu tashrif davomida, Tojikiston delegatsiyasi vakili Sug‘d viloyati standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va savdo inspektsiyasi markazi direktori Abdumavlon Raximzoda O’zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi va uning hududiy bo‘limlari infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi. Abdumavlon Raximzoda “Samarqand sinov va sertifikatlashtirish markazi” DK sinov laboratoriyalarining zamonaviy sinov uskunalari va sinov usullari bilan ta’minlanganligiga yuksak baho berib, o‘z faoliyatida ham ushbu sinov uskunlari va usullarini tadbiq etishni aytib o‘tdi. Uchrashuvdan so‘ng O’zbekiston standartlashtirish tizimi va  Tojikiston standartlashtirish tizimi o‘rtasida yaqin hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib olindi.