Andijon Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi va Sinov va sertifikatlashtirish markazi hamkorligida mahalliy ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati va raqobatbardoshligini oshirishga, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va mahsulot eksporti sohalarida duch kelayotgan muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishning yangicha tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Markazining “Mahsulotni eksport qilishga ko‘maklashish byurosi” vakili D.Boykishiyevaning sayi-harakati bilan viloyatdagi izlanuvchan, tashabbuskor va faol yoshlarni o‘zida jamlagan “Talabalar ilmiy uyushmasi” yosh olimlarinining ilmiy izlanishlari respublikamizda amalda foydalanilayotgan me’yoriy hujjatlar va importyor davlatlarning me’yoriy hujjatlari talablarini o‘rganish, ular o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash, sinov laboratoriyalaridagi mahsulot sinovlarini o‘tkazishda yuzaga kelayotgan muammolarini o‘rganishga yo‘naltirilgan edi. Endilikda ushbu o‘rganishlar eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarning joyiga chiqilgan holda amalga oshirilmoqda.

Dastlabki manzil Xo‘jaobod tumanida joylashgan “Navigul” qo‘shma korxonasi bo‘ldi. Ushbu korxonada 2017 yildan meva-sabzavotlarni yetishtirish, sabzavotlarini quritilgan xolda qayta ishlab chiqarish va saqlash yo‘lga qo‘yilgan.

Yosh olimlar korxonadagi ish jarayonini kuzatishar ekan, ushbu mahsulotlarni eksportbop qilib ishlab chiqarish va mahsulotlarning eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida korxona rahbariyatining taklifi bilan sabzi, shirin qalampir, ukrop va olma mahsulotlari uchun xalqaro standartlari talablarini o‘rganish va korxonada joriy qilishga ko‘mak berishga kelishib olindi.

Qayd etish lozimki, tadbirkorlarga bu kabi amaliy yordam ishlarini tizimli ravishda olib borishda bu kabi yosh va qiziquvchan olimlarning jalb etilishi respublikamizda eksport salohiyati ortishiga, mahsulotlarmizning sifatli va raqobatbardosh qilib tayyorlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi.