“Hikmatning egasi bor, lekin so‘zlarning asl egasi yo‘q. So‘zlar xalqniki, sochma tarzda bo‘ladi. Uni ma’no durlariga qarab, bir-biri bilan bog‘lab gaplarni hosil qilamiz va natijada gapning mazmuniga muvofiq muayyan bir fikr paydo bo‘ladi.
So‘zlar istifoda etilmasa, iste’molda bo‘lmasa, ular misoli o‘likdir. O‘rnida qo‘llay olsagina, u tirilib tirik qalblarni tiriklik suvi bilan qondiradi”.
“O‘zstandart” agentligining majlislar zalida tashkil etilgan navbatdagi ma’naviyat soatining mavzusi aynan yuqoridagi mavzularning mohiyatiga qaratildi.
Ma’naviy uchrashuvga Xalqaro “Antik Dunyo” va “Turon fanlar akademiyasi”ning akademigi Rahimboy Jumaniyozov taklif etildi.
Qiziqarli va jonli tarzda o‘tgan uchrashuvda R.Jumaniyozov yig‘ilganlarga so‘zning qudratidan to‘g‘ri foydalanish, notiqlik san’ati, odob-axloq, muomila madaniyati, kamtarinlik, samimiylik sifatlari haqida o‘zining hayotiy kuzatishlaridan kelib chiqib, munosabat bildirdi.
Ma’naviyat soatida yurtimizda kechayotgan islohotlarga munosabat, yoshlarimizning ertangi kunlari uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar va har bir inson qaysi sohada mehnat qilmasin, jonkuyarlik va fidoiylik bilan yurt va millat taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shmog‘i lozimligi yana bir bor ta’kidlab o‘tildi.
Yig‘ilish so‘ngida xodimlar o‘zlari uchun qiziq bo‘lgan savollari bilan ishtirok etdilar.