O‘zbekiston Respublikasining Eron Islom Respublikasidagi Elchisi B.Abdullayev raisligida Buxoro viloyati hududida Eronning “Rahpouyan J.S.” kompaniyasi ishtirokida issiqxonalar dastgohlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani barpo etish investitsion loyihasi borasida onlayn tarzda videokonferensiya o‘tkazildi.
Tadbirda “Rahpouyan J.S. So.” kompaniyasi boshqaruv raisi Golamxoseyn Tabrizi, tashqi savdo masalalari bo‘yicha menejeri Alaa Tabrizi, «O‘zstandart» Agentligi Bosh direktori Dilshod Sattarov, Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Rizo Asadov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish Agentligi direktori o‘rinbosari Oybek Elmurodov ishtirok etdi.
Ma’lumot:
Issiqxona dastgohlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Rahpouyan J.S.” kompaniyasiga 2007 yilda asos solingan bo‘lib, kompaniya Eronda issiqxonalar qurilishi bo‘yicha eng yirigi hamda mamlakat qishloq xo‘jaligi sektorida muhim mavqega ega hisoblanadi. Ushbu kompaniyasi Eronning 41 viloyatida issiqxona komplekslarini loyihalashtirgan va qurilish ishlarini amalga oshirgan, yiliga 250 gektar maydonga issiqxonalar uchun dastgohlar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ozarbayjon, Iroq, Armaniston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Gruziya va O‘zbekistonning Xorazm, Buxoro va Samarqand viloyatlari hududlarida issiqxona komplekslarini qurgan.

Tadbirda X.Tabrizi “Rahpouyan J.S.” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan issiqxona dastgohlari qor, yomg‘ir, bo‘ron, kuchli shamol, jazirama issiq, zilzila va boshqa tabiiy ofatlarga qarshi chidamligi va mustahkamligi bilan ajralib turilishini qayd etib, O‘zbekistonda kerakli sharoitlar va imkoniyatlar ta’minlanib berilsa, kompaniya Buxoro viloyatida umumiy qiymati 10 mln. doll. teng issiqxonalar dastgohlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani barpo etish investitsion loyihasini amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qildi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish Agentligi vakillari tomonidan Eron tomonigan 30% issiqxona qismlari xorijiy davlatlardan olib kirilganda, ularga nisbatan import bojlari qo‘llanilmasligi va 2020y. yanvar oyida kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining Investitsiyalar to‘g‘risidagi yangi tahrirdagi qonun, xorijiy investorlarga loyihani amalga oshirishga sarf qilingan mablag‘larni to‘liq ravishda qayta olib chiqishga kafolatlanganini ta’kidladi.
“O‘zstandart” Agentligi ishtirokchilari, bugungi kunda O‘zbekistonda issiqxonalar qurilishi jarayonida yangi talablar va standartlar qo‘yilayotganligini, shu o‘rinda, “Rahpouyan J.S.” kompaniyasi tomonidan taqdim qilingan issiqxona loyihalari va chizmalari o‘rganilib chiqilayotganligi va Agentlik Eron tomoni bilan bu yo‘nalishda hamkorlik aloqalarini, shu jumladan ilmiy kooperatsiya munosabatlarini o‘rnatishga tayyor ekanligini bildirdi.
Eronlik mutaxassisning rejasi bo‘yicha butun investitsion loyiha 14 kichik loyihalardan iborat bo‘ladi. Jumladan, issiqxona dastgohlarini ishlab chiqarish loyihasi doirasida, ushbu kichik loyihalar profillar, dripperlar, plastik quvurlar, polikarbonatlar va issiqxonlar uchun kerakli bo‘lgan boshqa asbob-uskunalarni ishlab chiqarishni o‘z ichiga qamrab oladi.
Tadbir yakuniga ko‘ra, Buxoro viloyati hokimiyati va “Rahpouyan J.S.” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumini loyihasi tayyorlanib, Eron tomonga ko‘rib chiqish va imzolash uchun yuborilishi kelishib olindi.