Bugun Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Davlat Adabiyot muzeyida Hazrat Alisher Navoiy bobomizning tavallud sanasiga bagʻishlangan xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi. Unda navoiyshunos olimlar jam boʻlishdi.

Tadbirda ulugʻ bobomizning hayoti va ijodining oʻrganilgan va oʻrganilayotgan tomonlari tilga olinib, Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni haqida maʼruzalar oʻqildi. Tadbir boʻlib oʻtayotgan muzeyda shu choqqacha xalqimizning koʻp asrlik adabiy merosini jamlash, uni muhofaza qilish, targʻib etish va tadqiq qilishda katta ishlar amalga oshirilib kelinayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston milliy metrologiya institutining bir guruh xodimlari ham tadbirda ishtirok etib oʻz ajdodining buyuk ijodi va faxrli hayoti haqidagi maʼlumotlar bilan bilimlarini oshirishdi.

Tadbir yakunida metrologlar 1968-yili buyuk shoirning 525-yillik yubileyi munosabati bilan tashkil etilgan Davlat Adabiyot muzeyi bilan yaqindan tanishishdi.

Eslatma: muzeyda XV-XX asr adabiyoti tarixini namoyish etuvchi boy ekspozitsiyasi yaratilgan. Tomoshabinlar koʻp asrlik boy adabiy tariximizning noyob durdonalari bilan tanishibgina qolmay Oʻrta Osiyo madaniyati va sanʼatining badiiy namunalari-kitob, tasviriy sanʼat, xattotlik, naqqoshlik, musiqa va meʼmorchilik asarlari bilan ham tanishish imkoniyatiga ega. Muzeyda qoʻlyozmalar bilan birgalikda eski bosma kitoblar fondi ham muntazam boyitilmoqda. Adabiyot muzeyi binosining oʻzi ham noyob arxitektura yodgorligi sifatida diqqat eʼtiborni oʻziga jalb etadi. Bino 1933-1936-yillarda qurilgan. Muzey Xalqaro muzeylar kengashi aʼzosidir.