Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Bosh direktori maslahatchisi, xotin-qizlar kengashi raisi N.Mamadaliyeva tomonidan tizim tashkilotlarining Jizzax viloyati filiallarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan sayyor qabul oʻtkazildi. Uchrashuvda viloyat filiallaridagi xotin-qizlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishildi, ularning erishgan yutuqlari va istiqboldagi rejalari haqida soʻz yuritildi.

Shuningdek, filiallar xodimalari tomonidan ichki va ziyorat turizmini yaxshi yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar berildi. Filiallarning oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgan texnik xodimalar Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tavsiyanomasini olish yuzasidan murojaalari tinglandi va joyida ushbu tavsiyanomani olish yuzasidan aniq maslahatlar berildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosati” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanida koʻtarilgan masalalar va ularning ijrosi yuzasidan ham aniq vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri raisligida 2022-yil 17-may kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Xotin-qizlar boshlangʻich tashkilotlarini tashkil etish yuzasidan bergan topshirigʻi ijrosini taʼminlash, xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.