Samarqand yer yuzining sayqali deya bejiz taʼriflanmagan. Bu yerning musaffo havosi, tozi suvi, hosildor bogʻlari va xushmanzara tabiati barchani birdek oʻziga maftun etadi.

 Ichki turizmni rivojlantirish orqali yurtimiz maʼnaviy merosini keng targʻib qilish maqsadida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish maqsadida Agentlik tizimida bir qator yangi loyihalar ishlab chiqilgan. Unga koʻra, Agentlik Bosh direktori maslahatchilari tizim tashkilotlari Samarqand viloyati filiallari bilan birgalikda Samarqand tumanidagi xushmanzara “Konigil” turizm maskanida ekskursiya tashkil etildi.

Mazkur qishloqda xorijiy va mahalliy sayyohlarning dam olishi, xalq amaliy sanʼati durdonalaridan zavq olishi, milliy urf-odatlar, anʼanalar va taomlar bilan tanishishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.  “Konigil” aholisi hunarmandchilik, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik va, albatta, oʻz mehmondoʻstligi bilan mashhurdir.

 Majmua hududida mehmonlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Oilaviy mehmon uylari, dam olish maskanlari, piyoda yoʻlaklari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqalar shular jumlasidandir. Bu yerda sayyohlar goʻzal tabiatdan bahra olish bilan birga, Siyob anhori boʻylab sayr qilishi va milliy taomlardan tatib koʻrishi mumkin.

Xodimlar dunyoga mashhur qadimiy Samarqand qogʻozini ishlab chiqarish,  «Konigilmeros» hunarmandchilik markazidagi kulollar va duradgorlar faoliyati, qadimgi anʼanalar asosida oʻsimlik yogʻini tayyorlash texnologiyasi bilan yaqindan tanishdilar, ularning sifati bilan qiziqdilar va filiallar faoliyati, tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar mazmun mohiyati bilan tanishtirdilar, mahorat darslarida qatnashdilar.