Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Davlat nazorat departamenti Navoiy viloyati boʻlimi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Navoiy  viloyati boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda viloyatdagi eksporter va mahalliylashtirish dasturiga kirgan korxonalarga sohaga oid amaliy yordam koʻrsatib kelishmoqda. Jumladan, Navoiy shahridagi “Gidrostankoservis” MCHJda import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliylashtirish jarayyoniga har tomonlama yordam koʻrsatilmoqda. Hozirgi kunda viloyat hududidagi yirik korxonalarga Yevropa davlatlari hamda Rossiya, Ukraina va Belarussiyadan olib kelingan katta oʻlchamdagi  tishli shesternalar, Belaz mashinasi ehtiyot qismlari, shaxta uchun uskunalar, vagonetkalar, katta bosimda ishlaydigan NSHO nasoslari, osma kranlar va boshqa maxsulotlar korxonaning oʻzida ishlab chiqarilmoqda. Korxonaga Yaponiya, Koreya, Italiya, Germaniya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan mahsulot ishlab chiqarishda yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishni taʼminlash imkoniyatiga ega boʻlgan dastgohlar 2023-yilda olib keltirildi. Hozirgi kunda korxonaga sinov laboratoriyasini tashkil etish uchun  Yaponiyadan laboratoriya uskunalarini olish boʻyicha kelishib olingan.
Korxonaga ISO 9001 xalqaro standarti joriy qilindi. Ayni paytda ISO 14001 xalqaro standartini joriy qilish boʻyicha ish olib borilmoqda. Korxonaga ishlab chiqarishda kerakli boʻlgan meʼyoriy hujjatlar taqdim etib kelinmoqda.
Hamkorlik davomida korxona vakillariga 2023-yil 7-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi OʻRQ-852 sonli Oʻz. Res. qonuni yuzasidan batavfsil maʼlumot berildi.