Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi farmoni”da texnik jihatdan tartibga solish sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Agentlikda bunday muhim vazifalar ijrosini taʼminlash, hamkor oliy taʼlim maskanlari bilan yaqin faoliyatni yoʻlga qoʻyish maqsadida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hozirgi kunda oliy taʼlim dargohlarida standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalari uchun kadrlarni tayyorlash, oʻquv dasturlarining holati, talabalarning oʻquv-amaliyotlarini samarali tashkil qilishdagi mavjud muammolarni oʻrganish orqali, ijobiy qarorlarni qabul qilishdan iborat. Shu maqsadda agentlikda mamlakatimizdagi nufuzli hamkor universitet va institutlarning rektorlari va oʻquv ishlari boʻyicha prorektorlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Mazkur uchrashuvda texnik jihatdan tartibga solish sohasiga yuqori malakaga ega boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash, xalqaro tajriba asosida bu borada ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish, taʼlimni ishlab chiqarish bilan uygʻunlashtirish, ularni oʻquv ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etishdagi masalalari muhokama etildi. Shuningdek, uchrashuv soʻngida mehmonlar yaqinda tashkil etilgan “Oʻquv amaliyot xonasi” faoliyati bilan yaqindan tanishib, sohada foydalanib kelinayotgan zamonaviy jihozlar, laboratoriyalarning texnik imkoniyatlari boʻyicha maʼlumotga ega boʻlishdi.