O‘zbekiston Texnik jixatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Buyuk Britaniyaning Intertek Group plc halqaro muvofiqlikni baholash idorasining regional tijorat direktori Irina Bayerenvald bilan videokonferensiya tarzida uchrashuv o‘tkazdi.

Ma’lumot uchun: “Intertek Group plc” - neft va gaz, energetika, avtomobil sanoati, qurulish, elektronika, oziq-ovqat sanoati, tibbiyot va boshqa sohalarda mahsulot va xizmatlar sifatini nazorat qilish, xavfsizligini ta’minlash va standartlashtirish sohasida jahon lideri bo‘lib kelmoqda. Kompaniyaning 100 dan ortiq mamlakatlarda ofislari, laboratoriyalari va sertifikatsiya markazlari mavjud.

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi hamkorligida o‘tkazilgan uchrashuvda Intertek Group plc bilan SЕ markirovka, mahsulotlarning xalqaro va yevropa talablari (EN, ISO, ASME, ASTM, IEC)ga muvofiqligini baholash, sifat menejment tizimlarini sertifikatlashtirish, malakali kadr tayyorlash, vakolatxona va sinov laboratoriyalarini ochish sohasida tajriba almashishda hamkorlik munosabatlari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, biznesga keng yo‘l ochish, yangi-yangi bozorlarga kirish maqsadida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayoni jadallashtirilyotganligi, islohot doirasida investorlar bilan ishlashning yaxlit tizimi joriy etilayotganligi qayd etildi.

 Intertek Group plc tomoni O‘zbekistonda neft-gaz, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektrotexnika, mashinasozlik tarmoqlarida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar sinovi va sertifikatlashtirish jarayonlarida faol ishtirok etishga tayyorgarligini ma’lum qildi.

Tadbir yakuniga ko‘ra, joriy yilning 2-3-may kunlar Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forum” doirasida memorandum imzolashga, ikkitomonlama ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni faollashtirishga kelishildi.

Texnik jixatdan tartibga solish agentligi

Halqaro hamkorlik va integratsiya boshqarmasi