Bokschilarimiz musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda

Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan boks yoshlar o‘rtasida tobora ommalashmoqda. O‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari sport olamining barcha nufuzli musobaqalari – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi bokschilari 2017-yilgi sport mavsumiga qizg‘in tayorgarlik ko‘rmoqda. 

– Federatsiyamiz tomonidan mazkur sport turini yoshlar o‘rtasida yanada ommalashtirish, terma jamoalarimiz zaxirasini iqtidorli sportchilar bilan to‘ldirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Jahongir Boltaboyev. – Kuchli boks maktabiga ega Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Jizzax viloyatlari bilan birga boshqa hududlarda ham mazkur sport turi jadal ommalashib bormoqda. Ayniqsa, bokschilarimizning Olimpiadadagi g‘alabasidan so‘ng yoshlar o‘rtasida ushbu sport turiga qiziqish yanada kuchaydi. 

2017-yilgi sport mavsumiga tayyorgarlik dasturi doirasida mintaqaviy federatsiyalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mashg‘ulot va musobaqalarni zamonaviy talablar darajasida tashkil etish uchun sharoit yaratish, mahoratli sportchilarni saralab borish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Terma jamoa a’zolari nufuzli musobaqalarga tayyorgarlikni Angren shahridagi “Yangiobod” sport majmuasida olib boradi. Bu yerda mashg‘ulotlar malakali murabbiylar tomonidan bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Ruhiy, jismoniy, texnik va taktik tayyorgarlik mashqlaridan tashqari ma’naviyat darslari ham o‘tkazilayotir. 

Bokschilarimiz mashg‘ulotlarda o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalarini turli musobaqalarda sinovdan o‘tkazmoqda. 2016-yilgi sport mavsumida boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari qator nufuzli musobaqalarda ulkan g‘alabalarga erishdi. Dastlab bokschilarimiz Xitoyning Kuinan shahrida o‘tkazilgan Osiyo – Okeaniya Olimpiya saralash musobaqasida Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiadaga yettita yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Rossiya, Belarus, Bolgariya, Mo‘g‘uliston, Latviya, Qozog‘iston va boshqa qator davlatlarda o‘tgan xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etib, shohsupaga ko‘tarildi. 

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Qozog‘istonda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida uchtadan oltin, kumush va bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tgan jahon chempionatida 1 kumush va 3 bronza medalni qo‘lga kiritdi. 

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida bokschilarimiz 3 oltin, 2 kumush, 2 bronza medalni qo‘lga kiritib, dunyoda tengsiz jamoa, deb topildi. 

– Xalqaro maydonda erishayotgan g‘alabalarimiz mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasidir, – deydi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari oltin medali sohibi Hasanboy Do‘stmatov. – Mamlakatimizda barcha sport turlari kabi boks bilan shug‘ullanish uchun xalqaro talablarga mos sharoitlar yaratilgan. Biz bundan unumli foydalanib, navbatdagi Olimpiada o‘yinlari, qit’a va jahon chempionatlari kabi ko‘plab nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga bel bog‘laganmiz. 

2017-yilda bokschilarimiz nufuzli turnirlar, qit’a va jahon chempionatlarida qatnashadi. Sportchilarimizning mazkur musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va ularda munosib ishtirok etishini ta’minlash borasida federatsiya tomonidan qulay shart-sharoitlar yaratib berilgan. Poytaxtimizda boks bo‘yicha AIVAning WSV – Butunjahon boks seriyasi turnirlari o‘tkaziladi. Joriy yilda ham bokschilarimizni ulkan zafarlar kutayotganiga ishonchimiz komil.

Manba: O'zA