“Mening biznes g‘oyam” tanlovining Navoiy viloyati bosqichida 40 g‘oya muallifi imtiyozli bank krediti olish imkoniyatini beruvchi maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi. 

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilari orasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yoshlarga keng imkoniyatlar yaratayotgan tanlovning viloyat bosqichida 95 nafar istiqbolli loyiha va g‘oya tashabbuskori ishtirok etdi. 

10 nafar yoshning biznes rejasi ma’qullanib, tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma berildi. 

– Milliy liboslar tikish, ayollar taqinchoqlari va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlari tayyorlash maqsadida oilaviy korxona tashkil etishni rejalashtirganman, – deydi Navoiy arxitektura va qurilish kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Nilufar Olimova. – Tijorat bankidan olinadigan 15 million so‘mlik kredit mablag‘i evaziga ish boshlaydigan oilaviy korxonamizda 3 yangi ish o‘rni yaratiladi va tikuvchilik to‘garagi tashkil etiladi. 

Tadbir doirasida o‘tkazilgan seminarda tijorat banklari, soliq idoralari va turli tashkilotlar mutaxassislari yoshlarga tadbirkorlik foaoliyatini boshlash uchun zarur bo‘ladigan huquqiy maslahatlar berdi.