“O‘zstandart” agentligi rahbariyati tomonidan tasdiqlangan reja-dasturiga asosan Navoiy viloyatida sayyor qabul tashkil etildi. Uchrashuv davomida viloyatning Navoiy shahri va Nurota, Karmana tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar va ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Jumladan, Nurota tumanidagi granit ishlab chiqarayotgan “Zafar granit”, Karmana tumanidagi “Muhabbat Bog‘i”, bodring yetishtirishga ixtisoslashgan issiqxona, Navoiy erkin iqtisodiy hududida joylashgan kabel ishlab chiqaruvchi “Hayat Power Cable Systems” va “Navoi Cable connector” qo‘shma korxonalarining faoliyati bilan tanishish jarayonida standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirishdagi muammo va ularning yechimi xususida so‘z yuritildi.

Shuningdek, “Navoiyazot”AJ negizida “Ammiak va karbamid” ishlab chiqarish zavodini qurayotgan “Mitsubishi Corporation” kompaniyasi rahbar va xodimlari bilan uchrashuv tashkil qilinib, metrologiya va sertifikatlashtirish jarayonida duch kelanayotgan muammolar muhokamaga qo‘yildi va yechimlari to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.

Sayyor uchrashuvda Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi direktori A.Mustafoyev, “O‘zstandart” agentligi Bosh direktorining matbuot kotibi A.Rasulov va Navoiy sinov va sertifikatlashtirish markazi direktori A.Jo‘rayev, Navoiy standartlashtirish va metrlogiya boshqarmasi boshlig‘i U.Kamolov hamda boshqa mas’ul xodimlar ishtirok etdilar.