O’zstandart” agentligi huzuridagi  Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash departamenti (Departament) mutaxassislari tomonidan joriy yil davomida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish  maqsadida bir turdagi mahsulotlarga yagona talablarni belgilovchi 10 ta davlat standartlari ishlab chiqildi. Ushbu standartlar, talablari turlicha bo‘lgan 279 ta tashkilot standartlari o‘rniga ishlab chiqilgan bo‘lib, tadbirkorlarimizga bepul beriladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tadbirkorlarimiz endilikda ushbu mahsulotlar uchun yangidan tashkilotning standarti ishlab chiqishga mablag‘ va vaqt sarflash tashvishidan ozod bo‘lish bilan birga, ushbu standartlar xalqaro me’yorlar bilan uyg‘unlashtirilganligi tufayli o‘z mahsulotini eksportga yo‘naltirish imkoniga ham ega bo‘lishadi. Masalan, makkajo‘xori qalamchalari ishlab chiqarishni ixtiyor qilgan har bir tadbirkor alohida Tashkilot standarti (Ts)  ishlab chiqishi va har besh yilda uni yangilab turishi shart edi. Endilikda ushbu mahsulot ishlab chiqaradigan 24 nafar tadbirkor va ushbu faoliyat bilan kelgusida shug‘ullanadigan ishbilarmonlar uchun yagona, xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirilgan O’z DSt__:2019 “Makkajo‘xori qalamchalari. Texnikaviy shartlar”  ishlab chiqildi. Yoki xuddi shunday tadbirkorlar tomonidan ko‘plab ishlab chiqariladigan polimer shlanglar (26-ta Ts o‘rniga), oqartiruvchi vositalar(36-ta Ts o‘rniga), kosmetik glitserin (21-ta Ts o‘rniga) ishlab chiqaruvchilar uchun ham yangi davlat standartlari ishlab chiqildi.