Xususiy tibbiyot rivoji – inson salomatligini muhofazalashning muhim omili

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida sog‘liqni saqlash sohasini modernizatsiya qilish borasida olib borilgan islohotlar jarayonida davlat tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda xususiy tarmoq faoliyatini rivojlantirishga ham alohida ahamiyat qaratildi. 

1996-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonuni bu boradagi ishlarda muhim huquqiy asos bo‘ldi. 

Mazkur yo‘nalishda belgilangan chora-tadbirlar izchillik bilan hayotga tatbiq etilishi natijasida mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalarining keng tarmog‘i shakllanib, aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Bunday tuzilmalarni doimiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tizimi yaratildi. Xususiy shifo muassasalariga soliq va boshqa qator moliyaviy imtiyozlar berildi. Bunday chora-tadbirlar soha rivojida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Biroq xalqimizning zamonaviy tibbiy xizmatlarga bo‘lgan talab va ehtiyojini to‘liq qondirish, tibbiyot yutuqlaridan inson salomatligi yo‘lida oqilona foydalanish xususiy tibbiyot tarmog‘idagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo etmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvlarda bu masalalarga alohida e’tibor qaratib, sog‘liqni saqlashning xususiy tarmog‘ini rivojlantirish, soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish borasida aniq vazifalarni belgilab berdi. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 1-apreldagi «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlarda yana bir muhim qadam bo‘ldi. Qarorda xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatining huquqiy va amaliy mexanizmlarini yanada takomillashtirish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlar yaratish, tarmoqning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan masalalarni tizimli hal etish chora-tadbirlari belgilangan. 

Aytish kerakki, shu paytgacha xususiy tibbiyot muassasalariga 177 turdagi tibbiy xizmatning 50 tasiga ruxsat berilgan edi. Masalan, bizning shifo muassasamiz asosan diagnostika va laboratoriya-tahlil yo‘nalishida faoliyat yuritar edi. Tibbiyotning o‘ndan ko‘proq yo‘nalishi bo‘yicha malakali vrachlarimiz, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan ikkita operatsiya zalimiz bo‘lishiga qaramay, miniinvaziv operatsiya muolajalarinigina bajarar edik. Albatta, bu imkoniyatimizni to‘la ishga solishga muayyan darajada to‘siq bo‘lar, aholi, ayniqsa, chekka hududlardan shifo izlab kelganlar uchun ham noqulaylik tug‘dirardi. 

Qarorga binoan, endi xususiy shifo muassasalariga tibbiy xizmatlarning deyarli barcha turlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi. Xususan, kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, mikrojarrohlik, onkologiya, anesteziologiya va reanimatologiya, qon-tomir, abdominal jarrohlik va talab yuqori bo‘lgan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha amaliyotlarni bajarishimiz mumkin. Davlatimiz tomonidan xususiy tibbiyot muassasalariga berilgan bu qadar katta imtiyoz va imkoniyatlar avvalo bizga bildirilgan yuksak ishonchdir. Bu ishonchni oqlash, tibbiyotimiz oldida turgan dolzarb vazifalarni hayotga tatbiq etishga munosib hissa qo‘shish zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. 

Ayni paytda shu yo‘nalishda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida ish olib bormoqdamiz. Xususiy klinikamizda har oyda qariyb besh mingga yaqin kishiga tibbiy diagnostika va davolash yordami ko‘rsatilmoqda. Qirq besh nafar malakali vrach, o‘ttiz besh nafar o‘rta tibbiyot xodimi aholi salomatligi yo‘lida ish olib bormoqda. 

2007-yilda tashkil etilgan klinikamiz zamonaviy laboratoriya vositalari bilan jihozlangan. Komputer tomograf, raqamli rentgen, ultratovush tahlil, elektroensefalograf, exokardiograf kabi diagnostika apparatlarimiz nafaqat a’zolar, balki, to‘qimalar va hujayralarda kechayotgan jarayonlarni ham chuqur tahlil etish, kasalliklarga erta bosqichda aniq tashxis qo‘yish imkoniyatini yaratmoqda. Shifo muassasamizda kunduzgi statsionar tashkil etilgan. Zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan operatsiya xonalarimizda plastik jarrohlik, urologiya, praktologiya, quloq, tomoq, burun kasalliklari miniinvaziv jarrohlik usullarida samarali davolanmoqda. 

Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, yaqin kelajakda aholiga ko‘rsatilayotgan yuqori texnologiyali usullardagi operativ muolajalarni kengaytirmoqchimiz. Shu maqsadda taraqqiy etgan mamlakatlardagi yetakchi klinikalar bilan tajriba almashish maqsadida hamkorlik qilmoqdamiz. Masalan, yaponiyalik va belgiyalik mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatganmiz. Kelgusida AQSh, Germaniya, Isroil, Buyuk Britaniyadagi yetakchi tibbiy-ilmiy markazlari bilan xalqaro aloqalarni yanada kengaytirib, jahon tibbiyotining ilg‘or tajribalarini chuqur o‘rganish asosida kardiologiya, endokrinologiya, ginekologiya va boshqa yo‘nalishlarda yangicha operativ davolash amaliyotlarini joriy etish yuzasidan izlanish olib bormoqdamiz. 

Qarorga asosan, xususiy tibbiyot muassasalari 2022-yilning 1-yanvariga qadar barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etilgani bu boradagi ishlarimizda katta madad bo‘ladi. 2017-yil 1-maydan sog‘liqni saqlash sohasida kichik korxonalar xodimlarining yillik o‘rtacha cheklangan sonini 25 kishidan 100 kishigacha ko‘paytirish to‘g‘risida tasdiqlangan me’yor yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmat ko‘rsatish hajmini oshirishga zamin yaratadi. 

Bu boradagi imkoniyatlardan foydalanib, klinikamiz uchun qo‘shimcha bino barpo etishga kirishdik. Qurilishni yil oxirigacha tugallab, bo‘lim va yo‘nalishlarni kengaytirmoqchimiz. Xususan, yana ikkita operatsiya zali qurilib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi. Laboratoriya-diagnostika usullarini takomillashtirish, jahon tibbiyotining mikrojarrohlik, kardiojarrohlik kabi sohalaridagi yangiliklarni amaliyotga joriy etish niyatimiz bor. Yangi bino ishga tushishi bilan yana ellikta ish joyi yaratiladi. 

Xususiy tibbiyot muassasalariga berilgan soliq imtiyozlari hisobidan tejalgan mablag‘larning bir qismi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilishi belgilangan. Bu aholini manzilli ijtimoiy muhofaza qilish imkoniyatini kengaytiradi, tibbiy xizmat sifatini oshiradi. Biz ham ana shunday tibbiy-ijtimoiy loyihalarni kengaytirmoqchimiz. 

Qarorda faoliyatimiz rivojiga xizmat qiladigan ko‘plab yangiliklar bor. Masalan, kichik tadbirkorlik subyektlari, jumladan, xususiy tibbiyot muassasalariga davlat mulkini ijaraga olishning maksimal muddatini amaldagi me’yorlarga muvofiq 5-yildan 10-yilgacha uzaytirish ko‘zda tutilgan. Bunda sog‘liqni saqlash muassasalarining davlat mulkidan foydalanish uchun ijara to‘lovining eng kam stavkasini 20 foizga qisqartirish belgilangan. 

Yangi tibbiyot inshootlari barpo etadigan va mavjudlarini rekonstruksiya qiladigan xususiy tibbiyot muassasalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida muhandislik-kommunal infratuzilma obyektlaridan to‘siqlarsiz foydalanish, bunday tadbirkorlarga yer uchastkalari, bino va xonalar ajratish borasida mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli vazifalar topshirildi. Xususiy tibbiy xizmatlarni qishloq joylar va olis tumanlarda ko‘rsatish uchun yer uchastkalari ajratishda qo‘shimcha imtiyozlar berilishi belgilandi. 

Qishloq joylarda va chekka tumanlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida tashkil etiladigan yangi mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab 10-yil muddatga yagona soliq to‘lovidan ozod etiladi. Bunday yangilik va imkoniyatlar bizni yangi rejalarga ruhlantirdi. Kelgusida Buxoro, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari tumanlarida klinikamizning filiallarini ochish niyatidamiz. Bu yo‘nalishda 2018-2019-yillarga mo‘ljallangan loyihalar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. 

Bunday ezgu ishlar jahon tibbiyotining ilg‘or yutuqlarini sog‘liqni saqlash tizimida keng tatbiq etish, yurtimizning barcha hududlari, ayniqsa, qishloq joylarda aholiga ko‘rsatilayotgan zamonaviy tibbiy yordamni yanada takomillashtirish, el salomatligini asrash, xalqimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga erishishda muhim qadam bo‘ladi.