O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29-martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda ipakchilikni rivojlantirish, aholining tabiiy matolarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, bunday mahsulotlar bilan ichki bozorni to‘ldirish, uning eksportini kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. 

Davlatimiz rahbarining shu yil 2-3-iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida bo‘sh turgan binolarda yangi korxonalar tashkil etish orqali ishlab chiqarishni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida bildirgan taklifidan kelib chiqib, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tashabbusi bilan “Andijon silk” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona va Xitoyning “Tongxing Juncheng” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan pillani qayta ishlashga ixtisoslashgan “Andijon silk" korxonasi qurilishi loyihasi va uning doirasida amalga oshiriladigan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berildi. 

2017-2021-yillarda amalga oshiriladigan mazkur loyiha doirasida 6 million dollar miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan Andijon tumanidagi “Oqyor-XXI asr” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududidan 2,5 gektar yer va foydalanilmay turgan binolar nol qiymatda ajratib berildi. 

Kelgusi yilning boshida ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan ushbu korxona tacarrufida tut plantatsiyalari, shuningdek, zamonaviy va ilg‘or xorijiy texnologiyalar asosida maxsus qurt boqish, pillani qayta ishlash, ipak o‘rash, ipak xomashyosi ishlab chiqarish, ipak eshish va tikuv sexlari barpo etiladi. Ya’ni, shu yerning o‘zida momiqdan ko‘rpa, to‘shak, yostiq, ipakdan turli kiyim-kechaklar ishlab chiqariladi. Korxona to‘la quvvat bilan ish boshlagach, qariyb mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, dastlabki yili 3,5 million dollar, 2021-yilga borib 12 million dollar qiymatidagi mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan. 

Fermerlar, pillachilik sohasi mutaxassislari, quruvchilar, keng jamoatchilik vakillari va xitoylik hamkorlar qatnashgan tadbirda nuroniylar duosi bilan ramziy qoziq qoqilib, qurilish ishlari boshlandi. Yil oxiriga qadar korxonaning birinchi liniyasi qurilib, foydalanishga topshiriladi. 

Tadbir ishtirokchilari Marhamat tumanidagi “Ipak” fermer xo‘jaligida yangi tut navidan barpo etilgan plantatsiyalarda bo‘lib, mahalliy iqlim sharoitiga mos, serhosil va to‘yimli yangi nav bilan tanishdi. 

– “O‘zbekiston duragayi” deb nomlangan ushbu yangi nav ko‘p yillik ilmiy va amaliy ishlarimiz samarasidir, – deydi “Ipak” fermer xo‘jaligi rahbari Abdupatto Musurmonqulov. – Mahalliy sharoitga mos, to‘yimli ushbu tut mavjud navlarga nisbatan o‘n barobar ko‘p hosil beradi. 

Tadbirda ipak qurti ozuqasi bo‘lgan tutchilikni rivojlantirish, yiliga ikki marta hosil olish imkonini beruvchi yangi navlar asosida barpo etilayotgan tut plantatsiyalarini kengaytirish, bu boradagi ilg‘or texnologiyalar va ish tajribasini ommalashtirish, umuman, pillachilik sohasi rivojini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan fikr almashildi. Xitoylik mutaxassislar o‘z tavsiyalarini so‘zlab berdi. 

Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi. 

Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.