Butun turk dunyosi Alisher Navoiyni “shams ul-millat”,-millat quyoshi deb hamma davrlarda e’zoz bilan tilga oladi. Butun umrini turkiy tilning mavqeini ko‘tarish, turkiy adabiyotning imkoniyatlarini dunyoga tan oldirish, turkiy davlatchilik asoslarini mastahkamlashga, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror toptirishga bag‘ishlagan bobokalonimiz bu e’tirofga to‘la-to‘kis munosibdirlar.

Xalqimiz ichida bu zotning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq rivoyat va afsonalar ham talaygina. Chunki odamlar o‘zlariga va kelgusi avlodga yashash tarzi, qilmishlari ibrat, aytadigan va yozadigan so‘zlari haqiqat bo‘lgan tabarruk zotlar to‘g‘risida ham hurmat, ham hikmat ma’nosida mana shunday og‘zaki ijod namunalarini to‘qishga harakatlari bo‘lishi tabiiy.

Hayot va odamzod yaralibdiki, yorug‘lik bilan zulmat, yaxshilik bilan yomonlik, ezgulik bilan yovuzlik kurashib kelgan. Navoiy bobomizning asarlarida ham odamzotni poklikka, yaxshilikka, ezgulikka, bag‘ri kenglikka, samimiylikka chorlab turadigan o‘lmas g‘oyalar mujassam.

Shu bois shoirning asarlarini o‘qiganimizda izlagan ma’naviy savollarimizga javob olamiz.

Bugun she’riyat mulkining sultoni hisoblangan Mir Alisher Navoiy bobomiz tavallud ayyomlari munosabati bilan Respublikamiz miqyosida badiiy kechalar tashkil etilmoqda.

“O‘zstandart” agentligida ham mazkur sana munosabati bilan ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Uchrashuvga xalqimizning sevimli shoiri Mirzo Karim va xonanda Moxiraxon Bobojonovalar taklif etildi.

Samimiy ruhda tashkil etilgan uchrashuvda shoir Mirzo Karim Navoiy bobomizning ijodlari haqida yig‘ilganlarga batavfsil ma’lumot berish bilan bir qatorda, o‘z yozgan she’rlaridan ham yig‘ilganlarga o‘qib berdi.

Xonanda Moxiraxon Bobojonova esa Navoiy g‘azalari bilan aytilayotgan qo‘shiqlardan jonli ovozda kuylab berdi.