2018 yilning 12 dekabrdagi Prezident qarorida “O‘zstandart” agentligi tizimidagi korxona va tashkilotlarida ko‘rsatiladigan xizmatlar darajasini oshirish maqsadida, quyi tashkilotlar faoliyatini baholash amaliyotini joriy etish hamda samaradorlikni baholash natijalari va ular yuzasidan, jumladan korrupsion omillarni oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda axborotlarni tizimli yoritib borishga alohida e’tibor qaratilgan.
Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi tomonidan Andijon sinov va sertifikatlashtirish markazida tashkil etilgan navbatdagi seminarda, hududiy markazlar tomonidan tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmat turlari va iqtisodiyotimizni barqaror rivojlanishida mazkur qarorning ahamiyati xususida so‘z bordi.
Uchrashuvda Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi direktori A.Mustafoyev, “O‘zstandart” agentligi Bosh direktorining Matbuot xizmati rahbari A.Rasulov hamda Andijon sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi va hududiy markazlarning laboratoriya mudirlari va viloyat bojxona boshqarmasining xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan, texnika va texnologik uskunalarni, butlovchi va ehtiyot qismlarni, shuningdek ishlab chiqarishda foydalaniladigan nooziq-ovqat tovarlarni majburiy sertifikatlashtirishdan ozod etildi, – deydi Andijon sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi direktori Ilyos Qosimov. – Investitsiya loyihalari asosida tashkil etilayotgan ishlab chiqarish korxonalari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonidagi sarf xarajatlar hamda ovoragarchiliklarga chek qo‘yildi. Bu bilan respublikamizda qulay investitsiya muhitini yaratish hamda investitsiya loyihalarini belgilangan muddatlarida ishga tushirilib, iqtisodiyotimizga xizmat qilishi va mahsulotlarni eksport salohiyatini oshishiga zamin yaratadi.
Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.