Metrologiya sohasidagi yagona davlat siyosati o‘lchovlarning yagona birliligini ta’minlash tizimi asosida amalga oshiriladi. Ushbu tizim “Metrologiya to‘g‘risidagi”gi qonunning 12-moddasiga asosan davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati mexanizmalari asosida ish olib boradi.

Davlatmetrologiya tekshiruvi agentlikning quyidagi tizim tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi:

“O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasi (O‘zMMI);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi sinov va sertifikatlashtirish markazlari metrologiya bo‘linmalari(jami 16 ta)
Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy tadqiqot instituti (SSTTSITI);
Xozirgi kunda “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasi ko‘p tarmoqli, texnik jihatdan jihozlangan, zamonaviy me’yoriy va uslubiy hujjatlar bilan ta’minlangan, 15 ta o‘lchash turlari bo‘yicha o‘lchash vositalarini qiyoslash, kalibrlash, metrologik attestatsiya qilish ishlarini 24ta laboratoriyalardan tashkil topgan 7ta bo‘lim, 1ta sertifikatlashtirish idorasidan iboratdir.

Korxonaga quyidagi vazifalar yuklatilgan

Metrologiya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, biriktirilgan hududlarda va o‘lchash turlari bo‘yicha o‘lchashlar birliligi va ishonchliligini ta’minlash;
Yuqori aniqlikdagi boshlang‘ich va namunaviy o‘lchash vositalarini saqlash va tegishli darajada saqlab turish;
Davlat metrologiya xizmatini rivojlantirish;
Mavjud yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalari va usullarini takomillashtirish, yangilarini yaratish, o‘lchash, nazorat va sinash vositalarini standartlashtirish;
O‘lchash vositalarining turini tasdiqlash maqsadida davlat sinovlari bo‘yicha ishlarni tashkil qilish;
O‘lchash vositalarini metrogik attestatlash, qiyoslash va kalibrlash bo‘yicha ishlarni tashkil qilish.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun institut laboratoriyalarida yuqori aniqlikdagi o‘lchash va sinash vositalaridan foydalaniladi (Laboratoriyalarda jami 155 dona yuqori aniqlikdagi birlamchi va 679 dona na’munaviy o‘lchash vositalari mavjud).

“O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasida jami 195 nafar malakali xodim faoliyat yuritadi, ulardan 68 nafari davlat qiyoslovchisi va 7 nafari metrologiya sohasi buyicha tan olingan ekspert auditorlardir.

Bu xodimlarni bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida muntazam ravishda mahalliy va xorijiy ilg‘or milliy metrologiya institutlarida o‘qishlarda va malaka oshirish kurslarida ishtirok etish tizimi yulga qo‘yilgan. Jumladan joriy yilda 20 tadan ortik xodimlar Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy tadqiqot institutida va 5 xodim Belarus respublikasi milliy metrologiya institutida malaka oshirib kelishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4059-sonli qaroriga muvofiq “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasiga quyidagilar yuklatilgan:

- Milliy o‘lchash etalonlari va milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va o‘lchash sertifikatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi kelishuvni (CIPM MRA) imzolagan mamlakatlarning Milliy metrologiya organlari tomonidan rasmiylashtirilgan amaldagi kalibrlash (yoki qiyoslash) sertifikatlari taqdim etilganda o‘z ehtiyojlari uchun texnologik jarayonlarda foydalaniladigan import bo‘yicha olib kiriladigan o‘lchash vositalarini metrologik attestatlashni (turini tasdiqlash) soddalashtirilgan tartibda, bir kun muddatda tan olish protsedurasi yo‘li bilan amalga oshirish.

- Xalqaro atom energitikasi agentligining (MAGATE) texnik yordami loyihasi bo‘yicha “O‘zMMI” DKda ionlashtiruvchi va rentgen nurlanish sohasidagi ikkilamchi etalonlar maxsus dozimetrik laboratoriyasini tashkil etish.

- Germaniyaning “ATLAS International” korxonasi bilan foto-video fiksatsiya qilish tizimining texnika va jihozlarini belgilangan standart va talablarga muvofiqligini o‘lchash bo‘yicha laboratoriya tashkil etish

- Milliy etalonlar bazasini shakllantirish maqsadida jami 1 685 ming AQSh dollari qiymatli 4 dona etalonlarni xarid qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

- Xalqaro talablarga muvofiq massa, bosim va harorat birliklari o‘lchash laboratoriyalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish.

- O‘lchash vositalarini kalibrlash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishni hisobga olgan holda, qiyoslanishi lozim bo‘lgan o‘lchash vositalarining yangilangan ro‘yxatini tasdiqlash.

- O‘zbekiston Respublikasida o‘lchash vositalarini kalibrlash tizimini rivojlantirishni asosiy vazifa etib belgilagan xolda, 2023 yilgacha bo‘lgan davr uchun O‘lchashlar birliligini ta’minlash milliy tizimini rivojlantirish va takomillashtirish Konsepsiyasi loyihasini kiritish.

- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Palatalariga, xalqaro tajribani hisobga olgan holda ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi “Metrologiya to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini kiritish.