Ma’lumki Respublikamiz Prezidenti o‘zining har bir chiqishida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik subektlari bilan har bir uchrashuvida mamlakatimizni yanada rivojlantirish, xalqimiz hayotini farovon qilishning yagona yo‘li jahon miqyosida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va xalqaro mehnat taqsimotida o‘z o‘rnimizni topa bilishimizda ekanligini takror va takror uqtiradilar. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning pirovard maqsadi ham ushbu vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan. Prezidentimiz va Respublika hukumatining “O‘zstandart” agentligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarorlari ham aslida mamlakatimizda jahon standartlariga muvofiq bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlashga yo‘naltirilgan. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi PQ-4059 sonli qarori bilan “O‘zstandart” agentligi huzurida Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash departament(keyingi o‘rinlarda - departament)i tashkil etildi va quyidagi vazifalar yuklatildi:
- Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonun buzilishlarining oldini olish va profilaktika qilinishini amalga oshirish;
- Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya masalalarida tadbirkorlik subektlariga har tomonlama yordam ko‘rsatish;
- Texnik reglamentlar, standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi, o‘lchov birliklari yagonaligi va ishonchliligini ta’minlash majburiy sertifikatlashtirish qoidalari talablari bajarilishi ustidan davlat nazoratini tashkilqilish va amalga oshirish.
Qarorda shuningdek, departament yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritishi va uning faoliyati ustidan umumiy rahbarlik Agentlik zimmasiga yuklanishi belgilangan.
2019 yil 24 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 348-son (O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida)qarori bilan esa Departamentning Nizomi, me’yoriy-huquqiy va moliyaviy asoslari va faoliyatining ustivor yo‘nalishlari belgilab berildi. 
Ushbu yo‘nalishlar, bir og‘iz so‘z bilan aytganda asosan tadbirkorlik subektlariga me’yoriy-huquqiy yordam ko‘rsatish, ularga tovar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda yuzaga kelayotgan to‘siqlarni bartaraf qilishga qaratilgan. 
Departament tashkiliy tuzilmasi ham ushbu vazifalarni amalga oshirish nuqtai-nazaridan shakllantirilgan bo‘lib, texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etish, o‘lchov birliklari yagonaligini ta’minlash, oziq-ovqat sifati va sertifikatlashtirish qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash faoliyatning ustivor yo‘nalishlari hisoblanadi. 
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Departament sobiq viloyat standartlashtirish va metrologiya boshqarmalari negizida tashkil etilgan bo‘lsada, mohiyati, faoliyat yo‘nalishlari jihatdan ulardan tubdan farq qiladi. Sobiq boshqarmalarda asosiy yo‘nalish standart va boshqa me’yoriy hujjatlar talablariga rioya qilinishini nazorat qilishdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, departament mutaxassislarining asosiy vazifasi tadbirkorlarga ushbu me’yoriy hujjatlar talablarini bajarishda amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatishdan iborat etib belgilangan.